18 Mart 2021 5472

Toshkent shahar suv ta'minoti tizimidagi poraxo'rlikka chek qo'yildi

2021 yil 16 mart kuni IIVga fuqaro A.e. ariza bilan murojaat qilib, u o'z arizasida tadbirkorlik qilish maqsadida Yunusobod tumani Markaz-6 dagi bekatni ijaraga olib, bekatga o'tgan suv quvuriga ulanib, hisoblagich o'rnatganligini va hujjatlashtirish uchun Toshkent shahar “Suvsoz” boshqarmasiga murojaat qilganida, korxonaning “Mirolim” ismli xodimi suv quvurini o'zboshimchalik bilan ulaganligini ro'kach qilib, jarimaga tortmaslik evaziga 3 mln so'm berishini talab qilayotganligini ma'lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko'rishni so'ragan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korruptsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo'limi xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbir davomida, “Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ bo'lim boshlig'i H.M. Toshkent shahar Uchtepa hokimligi yaqinida ariza muallifi A.e. dan 3 mln so'm olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ushlangan shaxs ushbu pullarni “Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ direktor o'rinbosari P.R.ning topshirig'iga asosan olganligini va pullarning bir qismini unga berishi lozimligini ma'lum qilgan.

2021 yil 17 mart kuni tezkor tadbir davom ettirilib, P.R. xizmat xonasida H.M.dan 3 mln so'm miqdoridagi pullardan, 1 mln 800 ming so'mini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan, 2021 yil 17 mart kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo'limi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, P.R. va H.M.lar Jinoyat protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida ushlanganlar. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIV JQBB Korruptsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага