10 Sentabr 2021 3957

Toshkent shaxri va viloyatida “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti a'zolarining faoliyatiga chek qo'yildi

2021 yilning 10 sentyabr` kuni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159 va 2442 - moddalari bilan qo'zg'atilgan jinoyat ishlari doirasida hozirda qidiruvda bo'lgan «Hizb-ut Tahrir» diniy ekstremistik tashkiloti a'zolari – 1970 y.t., L.Umarova va 1974 y.t., M.Saydaminovalar bilan internet tarmog'i va turli ijtimoiy messenjerlar orqali aloqa qilib, ularning ko'rsatmalari asosida aholi orasida tashkilot g'oyalarini targ'ib qilish va tashkilot safini kengaytirish bilan shug'ullanib kelgan Toshkent shahrining Shayxontohur, Uchtepa, Olmazor, Sirg'ali va Yakkasaroy tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent va Qibray tumanlarida yashovchi 29 nafar «Hizb-ut Tahrir» ekstremistik tashkilotining «Ayollar qanoti» jamoasi a'zolarini jinoiy faoliyatiga chek qo'yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o'tkazildi.

Mazkur ayollarning yashash manzillarida va uyali aloqa vositalarida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Hozirda ushbu ayollarning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va ularni javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Hurmatli fuqarolar! Ichki Ishlar vazirligi Sizlarni ogohlantiradi!

«Hizb-ut Tahrir» ekstremistik tashkiloti safida faoliyat qilish, g'oyalarini qo'llab-quvvatlash, materiallarini tayyorlash, saqlash hamda tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo'ladi.

O'zingizni va farzandlaringizni ekstremistik oqim va terroristik tashkilotlar safiga qo'shilib qolishdan asrang!

IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага