7 Aprel 2022 2913

Toshkent shahrida tadbirkorga nisbatan sodir etilgan tovlamachilik jinoyati aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining xabar berishicha, 2022 yil 5 aprel kuni Toshkent shahar IIBBga «Farxod dehqon bozori» AJ hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda «Farxod dehqon bozori» AJ direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari, Toshkent shahar Hokimining 2021 yil 19 fevraldagi 203-sonli «Elga xizmat» va «Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari» savdo nuqtalaridan to‘lov olinmasligi haqidagi qaroriga zid ravishda, bozordan chiqarib yuborish bilan qo‘rqitib, 2021 yil sentyabr oyidan buyon har 10 kunlik savdo faoliyati uchun 660.000 so‘mdan pul mablag‘larini kassir orqali olib kelayotganliklarini, hozirda oxirgi 2 oy uchun 3.400.000 so‘m to‘lashni noqonuniy ravishda talab qilayotganliklarini maʼlum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni Toshkent shahar IIBB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, AT “Xalq banki” Uchtepa filialining “Farxod dehqon bozori” AJga xizmat ko‘rsatuvchi kassiri, xizmat xonasida ariza muallifidan 3.400.000 so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, uning yonidan kunlik tushumdan inkassatsiya qilingan 8.300.000 so‘m va inkassatsiya qilinmagan 9.150.000 so‘m pul mablag‘lari borligi aniqlanib olingan.

Tezkor tadbir davomida «Farxod dehqon bozori» AJ direktori hamda uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari ushlanib, uning “Jentra” rusumli avtomashinasidan 24.967.000 so‘m pul mablag‘i borligi aniqlanib olingan.

Holat yuzasidan 2022 yil 6 aprel kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 224-moddasi tartibida ushlanganlar. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV JQBB KvaIJQKB

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага