8 Iyun 2022 5116

Toshkent shahrida terrorchilik tashkilotlar aʼzolari ushlandi

Terrorchilik xavfi saqlanib qolayotgan va harbiy toʻqnashuvlar yuz berayotgan Afgʻoniston, Suriya va Iroq hududlaridagi jangovar harakatlarda fuqarolarimiz ham ishtirok etib kelayotgani sababli, respublikamiz huquq tartibot idoralari va maxsus xizmatlari tomonidan Oʻzbekistonga nisbatan ehtimoliy terrorchilik xurujlarini aniqlash va oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.

Jumladan, 2022-yilda “Islom davlati” (ID) va «Tavhid va jihod katibasi» (TJK) xalqaro terrorchilik tashkilotlari (ushbu tashkilotlar faoliyati Oʻzbekiston, RF, AQSH va koʻplab Yevropa davlatlari hududida taqiqlangan) jangarilariga aloqador 4 ta yashirin guruh, yakka tartibda radikallashib, ekstremistik tashkilot va oqimlar gʻoyalarini targʻib qilib kelgan 10 ta “virtual” guruh hamda 250 nafar ekstremistik guruh aʼzolari aniqlanib, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi.

Mazkur shaxslar yashab turgan manzillarida ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining gʻoyalarini targʻib qilish, yangi rekrutlarni (nomzodlar) yollab jangarilar lagerlariga yuborish, terrorizmni moliyalashtirish hamda qoʻporuvchilik harakatlarini sodir etishga undash bilan shugʻullanib kelganlar.

Xususan, 2022-yilning boshida Toshkent shahrida 27 nafar shaxsdan iborat yashirin ekstremistik guruh faoliyatiga chek qoʻyilgan boʻlib, guruhning ayrim aʼzolari jangovar harakatlar yuz berayotgan hududlarga borishni rejalashtirgan va xalqaro terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bilan shugʻullanib kelganlar. Hozirgi vaqtda IIV Tergov Departamenti tomonidan ushbu guruhning 11 nafar aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 216, 244-1 va 244-2 -moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida, Toshkent viloyatida yashovchi, 2001-y.t. “A.Sh.” qoʻlga olinib, u Suriya hududidagi faoliyat olib borayotgan “TJK” xalqaro terrorchilik tashkiloti gʻoyaviy rahnamosi A.Xamrabuvayevning (taxallusi «Axluddin Navkotiy», Qirgʻiziston fuqarosi) koʻrsatmasi asosida, Toshkent shahrida yashovchi 9 nafar shaxslardan iborat yashirin jamoat tashkil etgan boʻlib, ularning ayrimlari Suriyadagi jangarilar safiga borib qoʻshilishni rejalashtirgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, 18-27 yosh oraligʻidagi, ayrimlari maktab oʻquvchilari hisoblangan 10 nafar shaxslardan iborat “TJK”ning 2 ta yashirin guruhi aniqlangan. Ushbu guruhlar faoliyati “KTJ” ning Suriyadagi masʼullaridan biri «Abu Axmad uzbekiy» tomonidan boshqarilgan boʻlib, guruh aʼzolari poytaxtdagi maʼmuriy binolar, aholi gavjum jamoat joylarida qoʻporuvchilik harakatlari sodir etishni rejalashtirganlar hamda terrorchilik tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirib kelishgan.

Kechiktirib boʻlmaydigan tezkor-tergov tadbirlar natijasida guruh aʼzolaridan qoʻlbola portlovchi qurilma tarkibiy qismlari va niqoblovchi buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Guruh aʼzolariga nisbatan IIV Tergov Departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 155, 244-1 va 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Shu bilan birga, Suriyada terrorchilik tashkilotlari safida boʻlib, qidiruvda boʻlgan quyidagi shaxslarning ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali oʻzlarining Oʻzbekistondagi qarindoshlari va yaqin aloqalari orasida yollov ishlarini olib borib, ularni terrorchilik lagerlariga chiqishga chorlab kelayotganligi aniqlanib, noqonuniy harakatlariga barham berildi:

2022-yilda xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlik natijasida, qidiruvda boʻlgan 59 nafar jangarilar va terrorchi-ekstremistik tashkilotlar tarafdorlari qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga deportatsiya qilingan. Ushbu shaxslar chet davlatlarda terrorchilik tashkilotlar safiga yollangan boʻlib, ularning faoliyatni moliyalashtirish, Suriyadagi jangarilar lagerlariga nomzodlarni yollash va yuborish bilan shugʻullangan. Shuningdek, ayrimlari Oʻzbekistonda va oʻzlari boʻlib turgan mamlakatlar hududida qoʻporuvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirib kelganlar.

Jumladan, 2022-yilning aprel oyida fargʻonalik, 1995-y.t. “X.K.” RF hududida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ushbu shaxs 2014-2015-yillarda Suriyadagi “TJK” terrorchilik tashkiloti safida jangovar-qoʻporuvchilik tayyorgarligidan oʻtib, Rossiya hududida yashirin guruhlar yaratish, terrorchilik tuzilmalarni moliyalashtirish kanallarini yoʻlga qoʻyish uchun tashkilot yetakchilari “Sh.Sh.” va “K.Sh.” tomonidan yuborilgan. “X.K.”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-2 va 155-3-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Koʻrilgan choralar natijasida, “TJK”ning qidiruvda boʻlgan Turkiyadagi jangarisi – Samarqand viloyatidan boʻlgan, 1998-y.t. “B.D.”ning RFning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida seriyali qator terrorchilik xurujlarini amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga chek qoʻyilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-2, 223, 244-1 va 244-2-moddalari bilan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, 1999-y.t. “S.X.” RF hududida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga olib kelingan. Maʼlum boʻlishicha, u Internet orqali Suriyadagi «Xayat Tahrir ash-Shom» xalqaro terrorchilik tashkiloti jangarilari safiga yollanib, qoʻlbola usulda portlovchi qurilmalarni yasash boʻycha oʻquvdan oʻtgan va Oʻzbekistonda qaytganidan soʻng qoʻporuvchilik harakatlari amalga oshirishni rejalashtirgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1, 155 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Bundan tashqari, joriy yilda «Xizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkilotining Toshkent shahri va viloyatida yashovchi 5 nafar, muqaddam jazo oʻtab ozodlikka chiqqan 10 nafar aʼzolarining noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyilgan boʻlib, ular Internet orqali tashkilotning gʻoyaviy rahnamolaridan biri A.Xoldarovning («Maxmud Abdulmoʻmin», Qirgʻiziston fuqarosi, Ruminiyada yashirinib kelmoqda.) yollovi taʼsiriga tushib, oʻzlarining maslakdoshlaridan iborat yashirin guruh tuzganlar. 

Shuningdek, Toshkent shahri va viloyati hududida talonchilik, tovlamachilik, oʻgʻirlik va bosqinchilik bilan shugʻullanib kelgan 8 ta uyushgan jinoiy guruhning faoliyatiga barham berilgan boʻlib, ular terrorchilik tashkilotlarining gʻoyaviy taʼsiriga tushib, noqonuniy topilgan daromadlaridan ekstremizmni moliyalashtirib kelganlar. Ayrimlari terrorchilar lagerlariga chiqib ketishga tayyorgarlik koʻrganlar.

Xususan, 2021-yilda Toshkent shahridagi «Texno olam» (“Malika”) savdo majmuasida tizimli ravishda mobil telefonlar oʻgʻirlash, firibgarlik, talonchilik jinoyatlari sodir etib, hududdagi qoʻriqlash xizmati xodimlariga tan jarohati yetkazish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Ulardan 6 nafariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov davomida boshqa jinoyatlarga daxldor 50 dan ortiq aloqalari aniqlandi va ularga nisbatan profilaktik va maʼmuriy taʼsir choralari qoʻllanildi.

Taʼkidlash joizki, yuqorida keltirilgan ekstremistik, terrorchilik va uyushgan jinoiy guruhlarning faoliyatiga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor-tergov tadbirlarining barchasi amaldagi qonunchilik normalariga qatʼiy rioya qilgan holda, prokuratura idoralarining nazorati ostida oʻtkazilgan.

Eʼtiborlisi shundaki, jinoyatchilarni qoʻlga olish va huquq-tartibot idoralariga keltirish vaqtida ularning barchasi umumiy, deyarli oʻxshash tashqi koʻrinishga ega ekanligi, xususan, terrorchilik tashkilotlari jangarilariga taqlid qilgan holda betartib, uzun soqol qoʻyib yurganliklari aniqlangan.

Biroq, Internetning oʻzbek segmentidagi ayrim blogerlar oʻz reytingini oshirish va obunachilari sonini koʻpaytirish maqsadida “bahsli” reportajlar tayyorlab, huquq-tartibot idoralarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan qonuniy harakatlarini goʻyoki, “dindorlarga nisbatan hujum” sifatida teskari talqin qilmoqdalar.

Eslatib oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy demokratik davlat boʻlib, qonunchilik asosini konstitutsiya tashkil etuvchi tizimga koʻra, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanib, shaxsning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq taʼminlanadi va xalq hokimiyatning yagona tayanchi hisoblanadi.

Huquqiy davlatning asosiy prinsiplaridan biri hisoblanuvchi qonun ustuvorligini taʼminlashda davlat va fuqarolar teng ravishda javobgar hisoblanadi. Barcha rivojlangan huquqiy davlatlar singari, qonunlarni buzganlik uchun siyosiy, diniy, gʻoyaviy qarashlari, millati va irqidan qatʼiy nazar har qanday shaxs amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Qayd etish lozimki, ekstremizm va terrorizmga aloqadorlikda gumonlangan shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi ularning tashqi koʻrinishlari bilan bogʻliq emas.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻzining Vatan va xalq oldidagi burchini bajarishga bundan keyin ham sodiq qolib, qonunlarni buzgan shaxslarning har qanday noqonuniy faoliyatiga qarshi kurashni davom ettiradilar.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага