27 Yanvar 2021 1312

Toshkent viloyati IIBB boshlig'i ishtirokida jinoyat muhokamasi o'tkazildi

Angren shahrida sodir etilgan qotillik jinoyati Toshkent viloyati IIBB boshlig'i polkovnik Tohir Aripov boshchiligida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.

Hokimlikda o'tkazilgan muhokamada, Angren shahar hokimi, viloyat IIBB boshlig'ining o'rinbosari va mas'ul xodimlar, mahalla raislari, mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda jinoyat sodir etganlikda gumonlangan shaxs ishtirok etdi.

IIBB boshlig'i yig'ilishda o'tgan yildagi jinoyatlar tahliliga to'xtatilib, yo'l qo'yilgan kamchiliklar xususida gapirdi. Birgina Angren shahri misolida ham ayrim jinoyatlar kamaygan bo'lsa, ayrimlarining oshganini tanqid qildi.

Shuningdek, joriy yilning 14 yanvar` kuni sodir bo'lgan jinoyat – ikki yarim yashar qizaloq o'limining oldini olish mumkinligi, bunga omil va sabab bo'lgan holatlarga alohida to'xtaldi.

Holat yuzasidan hududiy IIB boshlig'i va o'rinbosarlari, profilaktika inspektori va mahalla raisining tushuntirishlari tinglandi.

Tadbirda, jinoyat sodir etganlikda gumonlangan shaxs – bir necha oydan buyon tanishi bilan nikohsiz yashab kelayotgan Anvar Raimov (ismi sharifi o'zgartirilgan) ning so'zlari ham eshitildi.

Unga ko'ra: Anvar tanishi Zilola (ismi o'zgartirilgan) va uning 2018 yilda tug'ilgan qizi bilan bir necha oydan buyon ijara uyda yashab kelgan. 14 yanvar` kuni esa Zilola qizini uyda qoldirib do'konga chiqib ketgan. Shu vaqtida bola yig'lab xarxasha qilgani uchun uni tinchlantirish maqsadida Anvar bolaning bosh qismiga urgan va shu bilan qizaloq jim bo'lib qolgan. 

Holat yuzasidan tayinlangan ekspertiza xulosasiga ko'ra qizaloq olgan tan jarohatlari yuzasidan vafot etganligi tasdiqlangan.

Gumonlanuvchi yig'ilishda o'z pushaymonligini bildirib, xalqdan uzr so'radi.

Tohir Aripov o'z so'zida shahar hududida jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar etarli darajada tashkil qilinmagani, shu kabi nazoratga ham olinmaganini birgina shu jinoyat misolida asoslantirib berdi.

Shuningdek, shaharning asosiy ko'chalari va boshqa tadbirkorlik sub'ektlarida kameralarning o'rnatilmaganligi, o'rnatilganlarining ham ayrimlari ishdan chiqqanligi, asosan hududiy IIB mas'ullari, profilaktika inspektori va mahallari raisining e'tiborsizligi jinoyatga olib kelganligi ma'lum qilindi.

Muhokamada shahar hokimining mulohazalari tinglandi. Hokim jinoyatchilikni jilovlashga yanada e'tiborliroq bo'lishini, mahalla raislari va boshqa mas'ullar bilan o'zi alohida ishlarni tashkil qilishini ta'kidladi.

Yig'ilish so'ngida Bosh boshqarma boshlig'i tomonidan xizmatida kamchiliklarga yo'l qo'ygan hududiy profilaktika inspektori va mahalla raisiga «hayfsan» intizomiy jazosi e'lon qilindi.

Shu bilan birga, IIBB va shahar IIB mas'ullariga qattiq ogohlantirish berildi. Xatolar takrorlanishi uchun emas, balki xulosa chiqarish uchun ekanligini yana bir bor tushuntirildi. Shahardagi kriminogen vaziyati og'ir mahallalarda jinoyatni jilovlash yuzasidan alohida choralar ko'rish bo'yicha topshiriq va ko'rsatmalar berildi.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага