Toshkent viloyatida 478 dona o'tkir tig'li jismlar tegishli tartibda olindi
Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan o'tkazilgan «tig'» maxsus profilaktik tadbirlari davomida o'tkir tig'li jismlarni noqonuniy olib yurgan 480 nafar fuqarolar aniqlangan. Profilaktik tadbir davomida ularning yonidan jami 478 dona o'tkir tig'li ashyolar (sovuq qurol) tegishli tartibda olindi.
Jismlarning 406 tasi pichoq, 9 tasi kastet, 6 tasi bita bo'lsa, qolgan 57 tasi boshqa ko'rinishdagi o'tkir tig'li jismlarni tashkil qilsa, ushbu tadbirlar natijasida sodir bo'lishi mumkin bo'lgan turli holat va jinoyatlarning oldi olinishiga erishildi.
O'tgan 2020 yilda IIO xodimlari tomonidan o'tkazilgan «tig'» tadbiri davomida 13 ming nafar fuqarolardan 12 900 ta o'tkir tig'li jismlar tegishli tartibda olingan edi.
eslatib o'tamiz, «sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan ashyolarni olib yurish» BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga, shuningdek, «O'zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo'lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo'lishi» BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo'ladi. Shuningdek, qonunda belgilangan boshqa holatlar ham mavjud.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati