22 Sentabr 2022 604

Toshkent viloyatiga hokim tasdiqlandi

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, ular mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi.

– Hammangiz tushunasiz, bugungi tahlikali zamonda yashash, tashqi siyosatni ham, ichki siyosatni ham barqaror qilib, jonajon Vatanimiz manfaatini ta’minlash, xalqimizni rozi qilish oson emas. Buning uchun har kuni izlanib, bor imkoniyatlarni to‘liq ishga solish kerak. Toshkent qadimiy viloyat, tabiiy boyliklari, sanoati, yeru suvi bo‘yicha katta viloyat. Men odamlar bilan ko‘p uchrashaman, ular o‘zgarishlarni sezayapti, aytayapti. Lekin bu harakatlar davom etarmikan, yanada yaxshi bo‘larmikan, degan savol ham bor. Shuning uchun xalq bilan birga, mahallalardagi muammolarni hal etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini ko‘paytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Toshkent viloyati hokimi lavozimiga Zoyir Mirzayev nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Z.Mirzayev 1968-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Ko‘p yillar moliya, iqtisodiyot sohalarida faoliyat yuritgan. Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga rahbarlik qilgan. Bosh vazir o‘rinbosari sifatida mamlakatimizning agrosanoat kompleksini boshqargan. U 2021-yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval ochiq muloqot qilib, uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Zoyir Mirzayev tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmni rivolantirish, infratuzilmani yashilash, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha takliflarini ma’lum qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, tashkiliy va moliyaviy jihatlari bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun bu yil qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m, kelgusi yil uchun yana 850 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Bu soha past rivojlangan Piskent, Bo‘ka, Bekobod va Oqqo‘rg‘on tumanlari uchun Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan beriladigan kafillik miqdori kreditning 75 foizigacha oshirildi, 2025-yilgacha soliq imtiyozlari berildi.

Toshkent viloyatining sanoat salohiyati ulkan. Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlari yirik sanoat markazlariga aylanmoqda. Sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish uchun infratuzilmaga 250 milliard so‘m, charm-poyabzal va tekstil loyihalariga 30 million dollar aratilishi qayd etildi. Angrenda farfor va keramika klasteri, Bekobod tumanida chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Hududning yer va suv resurslari ham zo‘r. Lekin mahsuldorlik shunga yarasha bo‘lmayapti. Aslida, ishni to‘g‘ri tashkil qilib, meva-sabzavot eksportini 2 baravar oshirish, 120 ming aholi bandligini ta’minlash mumkin.

Shu maqsadda 9 ming gektarni dehqon xo‘jaliklariga tarqatish, tog‘oldi yerlarni o‘zlashtirish, meva va tok ko‘chatxonalari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Toshkent, Parkent, Yangiyo‘l va Qibray tumanlarida ishga tushiriladigan logistika markazlariga 50 million dollar, chorvachilikni rivojlantirishga 30 million dollar ajratilishi aytildi.

Toshkent viloyatida 1 ming 22 ta mahalla bor. Ulardagi infratuzilma o‘rganilganda, 840 ta mahallada ichki yo‘llar, 579 tasida ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 589 tasida elektr va gaz ta’minoti, 396 tasida maktab, bog‘cha va poliklinikani ta’mirlash kerakligi aniqlangan. Davlatimiz rahbari bu masalalar aholi turmushi sifati, bolalar kamolotida muhimligini ta’kidlab, mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Viloyatdagi yana bir salohiyatli soha – turizm. Lekin sayyohlarning 80 foizi Bo‘stonliq tumaniga boradi. Boshqa tumanlarda sharoit va xizmatlar past darajada. Shu bois Parkent, Angren va Ohangaronning tog‘li joylarida turizm klasterlari tashkil etish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Nurafshonda universitet ochish, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurish, ta’lim maskanlarini ta’mirlash vazifalari belgilandi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash uchun 100 milliard so‘m subsidiya ajratilishi, Zangiota tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilishi aytildi. “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturini joriy etish taklifi bildirildi.

Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalarini muhokama qilib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Toshkent viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz xalq vakillari yuksak ishonch bildirgan hokim o‘z faoliyatida adolat, halollik, fidoyilik va mas’uliyatni namoyon etib, Toshkent viloyati ahliga astoydil xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага