Tovlamachi dugonalar qoʻlga olindi
Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi, uy bekasi, 1995-y.t., fuqaro M.A. ariza bilan murojaat qilib, uning foydalanmay qoʻygan telefon raqami uyali aloqa kompaniyasi tomonidan sotuvga chiqarilib, nomaʼlum shaxs tomonidan sotib olinganligi va unda mavjud telegram messenjeri akkauntini ushbu shaxs ochib, undagi yozishmalar va maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik evaziga pul talab qilib, avvaliga 2.000.0000 soʻm pullarni bank kartasiga oʻtkazib berganligi, ozroq vaqt oʻtgach yana 200 AQSH dollari talab qilayotganligini maʼlum qilib, ushbu nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, tovlamachilik qilib pullarni oʻzlashtirayotgan shaxslar, Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi 2001-y.t., A.F. va uning dugonasi 2004-y.t., R.J. ekanligi aniqlangan.
A.F. va R.J. uyali aloqa operatori tomonidan yangi raqam sotib olishgani va undagi telegram messenjeri uchun akkaunt ochishganida eski foydalanuvchi tomonidan ochilgan akkaunt mavjud boʻlib, undagi yozishmalar va maʼlumotlarni koʻchirib olishib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik uchun jami 400 AQSH dollari talab qilganliklari maʼlum boʻldi.
A.F. va R.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV Kiberxavfsizlik markazi