29 Iyun 2022 517

Turkiya delegatsiyasi Akademiya faoliyati bilan tanishdi

Yurtimizga amaliy tashrifi doirasida Turkiya milliy politsiya akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari Fotih Inal boshchiligidagi delegatsiya Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar taʼlim sohasida izchil rivojlanib bormoqda. Soʻnggi bir yilda oʻzaro manfaatli aloqalarga xizmat qiladigan ikki tomonlama uchrashuvlar chogʻida tajriba almashinuvini kengaytirishga qaratilgan istiqbolli kelishuvlar amaliyotga tatbiq qilindi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, soha xodimlarining malakasini oshirish, taʼlimga innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish borasidagi ishlar sezilarli faollashdi.

Galdagi uchrashuv ham hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi. Turkiyalik mehmonlar dastlab oʻquv auditoriyalarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishib, taʼlim jarayonini monitoring qilish markazini koʻzdan kechirishdi. Ayniqsa kursantlarning nazariy bilimlarini amaliy koʻnikmalar orqali mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan maxsus avtobuslar mehmonlarning alohida eʼtiborini tortdi. Delegatsiya vakillari sayyor sinfxona hamda kriminalistik ekspertizalar oʻtkazish uchun moʻljallangan avtotransport vositalarining oʻziga xos imkoniyatlarini oʻrganib, oʻquv jarayoniga tatbiq qilingan yondashuvlarga yuqori baho berdilar.

Shundan soʻng mehmonlar Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Akademiya tarixi muzeyi, Axborot-resurs markazi, Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida boʻlib, taʼlim maskanining taraqqiyot yoʻli, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ulkan islohotlar va tinglovchi-kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbarining qarorlari asosida ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida taʼlim jarayonida yoʻlga qoʻyilgan yangi mexanizmlar taqdimot tarzida namoyish etildi.

Janob Fotih Inal buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini eʼtirof etib, faxriy mehmonlar kitobiga safar taassurotlari haqidagi samimiy soʻzlarini yozib qoldirdi.

Kunning ikkinchi yarmida taʼlim maskanlari rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov turkiyalik hamkasblarini qutlab, oʻzaro aloqalarning bugungi holatiga yuqori baho berdi.

– Ikki tomonlama munosabatlarning jadal taraqqiy topayotgani xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy rishtalarga mustahkam ishonch va yangicha ruh bagʻishlamoqda. Hamkorligimiz yuqori bosqichga koʻtarilib, oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishayotganimiz tizim uchun professional kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi R. Xatamov.

Oʻz navbatida, Fotih Inal taʼlim maskanlari oʻrtasidagi hamkorlik oʻzbekistonlik hamkasbining muhim tashabbus va saʼy-harakatlari evaziga izchil rivojlanayotganini alohida eʼtirof etdi. Uning taʼkidlashicha, hozirgi murakkab davrda tajriba almashinuvini yanada kuchaytirish, istiqbolli qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish taʼlim samaradorligiga xizmat qiladi.

Ayni kunlarda Turkiya milliy politsiya akademiyasi vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага