12 Noyabr 2021 3980

Umr shamchirogʻi oʻchmagay aslo

Vaqt - shiddatkor. Har bir oʻtgan kun tarixga aylanadi. Baʼzan turmush tashvishlariga andarmon boʻlib, yon-atrofimizdagi odamlarga eʼtibor bermay qoʻyamiz. Ana shu gʻanimat onlar eng yaqin, qadrdon insonlarimizni oramizdan olib ketadi.

Serjant Dilmurod Oʻrmonov oʻz kasbini sevuvchi hamkasblarimizdan biri edi. U IIV Akademiyasining Serjantlar tarkibini tayyorlash boʻyicha oliy kurslarini tamomlagach, viloyat IIBBda turli lavozimlarda faoliyat yuritdi. 2020-yilda Piskent tumani IIB YHXBning qidiruv va surishtiruv boʻyicha inspektori lavozimiga tayinlandi.

Joriy yilning 11-sentyabr kuni soat taxminan 01:55 larda Piskent tumani “Xoliqberdi” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oʻtgan “Piskent - Said - Murotali” yoʻlining 7-kilometrida xizmat olib borayotgan inspektor Dilmurod Oʻrmonov «Lasetti-2» rusumli avtomobil haydovchisiga toʻxtash ishorasini beradi. Ammo spirtli ichimlik taʼsiridan mast boʻlgan haydovchi toʻxtash oʻrniga, mashinani toʻgʻri inspektorga qarata haydaydi...

Bekobodda Oʻrmonovlar oilasini hamma yaxshi biladi. Bu oila haqida odamlardan faqat iliq gaplarni eshitish mumkin. Oilada yaxshi taʼlim-tarbiya olgan Dilmurod insonlarga yaxshilik qilishni sevardi.

Birovning ogʻirini yengil qilgan kuni uning uchun eng yaxshi kun edi. Kamtarligi, xushmuomalasi bilan barchaning mehriga sazovor boʻlgandi.

Dilmurod umr yoʻldoshi Muattarxon bilan birinchi farzandining dunyoga kelishini intiqlik bilan kutayotgan edi.

Oʻgʻlimning birovga ozor berganini eshitmaganman, qoʻlidan kelgancha hammaga yaxshilik qilishga intilardi, - deydi uning otasi Boʻtaboy aka. Shifoxonada yotganida hamkasblari, tanishlari holidan xabar olib turishdi. Shifokorlar ham qoʻlidan kelganlaricha uning hayotini saqlab qolishga harakat qilishdi. Afsus, Allohning amri shu ekan...

Boʻtaboy akani ovutishga, unga taskin berishga loyiq soʻzni topish amri-mahol. Ammo “Otaxon, aslo oʻksinmang, koʻnglingiz choʻkmasin. Dilmurodning farzandiga otang haqiqiy qahramon boʻlgan, mard, jasur inson edi, deb baralla ayting. Siz bunga haqlisiz”, degimiz keladi...

Prezidentimiz farmoniga koʻra, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan marhum serjant Dilmurod Oʻrmonov “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan “Turkiston” sanʼat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda ushbu mukofotni uning otasi Boʻtaboy Oʻrmonovga Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov topshirayotgan paytda butun zal oyoqqa qalqdi.

Vatan koriga yaraydigan, xalq tinchligi, xotirjamligi uchun koʻksini qalqon qilishga qodir mard va jasur oʻgʻlonni tarbiyalab voyaga yetkazgan otaning koʻzlarida yosh halqalandi. Shu lahzalarda Boʻtaboy aka, ehtimol, oʻgʻlining hayoti bejiz ketmagani, Dilmurodjon singari Vatanimizning sadoqatli farzandlari borligi, ularning osoyishtaligimizni asrash yoʻlidagi fidoyi xizmatlari bois ona yurtimizda tinchlik-barqarorlik hukm surayotganini his qilgandir...

Inson hayotini baʼzan shamga oʻxshatishadi. U oʻz nuri bilan zulmatga ziyo baxsh etadi. Dilmurodjon jisman oramizda boʻlmasada, uning yodi, yaqinlarining, safdoshlarining qalbini nurga toʻldirib turaveradi.

Rustam Asqarov, Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati boshligʻi, katta leytenant

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага