13 Yanvar 2023 761

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan davra suhbati va bellashuv o‘tkazildi

IIV Akademiyasining Harbiy tayyorgarlik kafedrasi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan tadbir Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlandi.

Kafedra professor-o‘qituvchilari, o‘quv-saf qismi ofitserlari va kursantlar ishtirok etgan tadbir avvalida polkovnik Ibrohimjon Mahmudov so‘z olib, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, professional milliy armiyani shakllantirish orqali davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtaldi.

Taʼkidlab o‘tilganidek, hozirgi murakkab sharoitda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida qabul qilingan konsepsiyada yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular qalbiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Shundan kelib chiqib, IIV Akademiyasida soha uchun kadrlar tayyorlash, kursant yoshlarning professional bilim va mahoratini yuksaltirish, taʼlim jarayoniga harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy tarbiyaning taʼsirchan mexanizmlarini tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu kuni kafedra qoshidagi “Harbiy fanlar bilimdoni” iqtidorli kursantlar to‘garagi aʼzolari ishtirokida bellashuv ham o‘tkazildi. Jangovar qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, nishonga o‘q otish shartlari bo‘yicha tashkil etilgan bahslar yakunida birinchi o‘rin 326-guruh kursanti Ruslan Kushkunbayevga, ikkinchi o‘rin 117-guruh kursanti Dilnoza Jumanazarovaga va uchinchi o‘rin 326-guruh kursanti Jahongir Ravshanbekovga nasib etdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага