13 Yanvar 2022 4025

Vatan himoyasi – mardlar kasbi

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Jangovar tayyorgarlik sikli tomonidan vazirlikning Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi Oʻquv-dala poligonida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlab, “Vatan himoyasi – mardlar kasbi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Qurolli mojarolar va antiterroristik kurash nogiron-faxriylarining “Vatan” xayriya jamoat fondi aʼzolari, nafaqadagi polkovnik Sheyko Aleksey Alekseyevich, polkovnik Djumagulov Tursun Turgʻunovich, Gafurov Erkin Joʻrakulovich, institut professor-oʻqituvchilari, xodimlar va tinglovchilar ishtirok etdilar.

Davra suhbatini Institut boshligʻi, polkovnik Olimjon Axmedov ochib, keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom koʻrsatish milliy qadriyatlarimizdan ekanini, ularni qadrlash yoshlarda gʻayrat-shijoatni, elu yurtidan gʻururlanish tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qilishini, ibratli hayot yoʻli va fidoyiligi esa oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida alohida oʻrin tutishini taʼkidladi.

Mustaqillik, tinchlik xalqimizning bebaho boyligi ekani, mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan izchil islohotlar zamirida ana shu neʼmatlarni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylash masʼuliyati mujassamligi, yoshlarimizni Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashning ahamiyati xususida soʻz yuritdi.

Faxriylar tahsil olayotgan tinglovchilarga oʻzlarining xizmat yoʻli, qatnashgan qonli jangovar harakatlar va bu harakatlarda ularga nimalar yordam berganligi toʻgʻrisida oʻrtoqlashib, bugun yoshlar institut professor-oʻqituvchilari tomonidan berilayotgan bilimlarni oʻzlashtirishlari, amaliy mashgʻulotlar, jumladan, jangovar va jismoniy tayyorgarlikka alohida eʼtibor berish, oʻz ustilarida tinimsiz ishlashlari zarurligini taʼkidlab oʻtdilar.

Isteʼfodagi polkovnik A.A.Sheyko oʻzining soʻzida, oddiy ikki soʻz qattiq qoʻllik va vahshiylik bir biridan nima bilan farq qilinishini tinglovchilarga oddiy sodda tilda tushuntirib, oʻqish davomida ofitserlar va professor-oʻqituvchilar tinglovchilarga qancha qattiq qoʻllik bilan bilim berishsa, amaliy mashgʻulotlar vaqtida qiyinchiliklarga uchrashsa, ertaga amaliyotda vahshiylikni oldini olishga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga zamin boʻlishini aytib oʻtdi.

Oʻquv-dala poligonida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlab, “Vatan himoyasi – mardlar kasbi” mavzusidagi davra suhbati tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага