21 May 2022 526

“Vatanga va xalqqa xizmat qilish – oliy burchimiz”

Joriy yilning 20-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV oʻquv-dala markazida IIV Malaka oshirish instituti, Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamkorligida Institutning doimiy va oʻzgaruvchan shaxsiy tarkibi oʻrtasida “9-may – Xotira va qadrlash kuni” bayramiga bagʻishlangan sport musobaqalari va “Eng yaxshi devoriy gazetalar” koʻrgazmali musobaqasi gʻoliblarini taqdirlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi yozuvchilar uyushmasining boʻlim boshligʻi “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Farogʻat Xudoyqulova, Oʻzbekiston Respublikasi yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Shodi Otamurod, IIV Kasaba uyushmasi raisi oʻrinbosari, yuridik fanlari doktori, professor polkovnik Sattarov Abdugʻofir Xamidovichlar bilan birgalikda “Vatan abadiy” mavzusida ijodiy uchrashuv, maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirni IIV Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakulteti boshligʻi, polkovnik B.A. Ulugʻbekov ochib berdi. U oʻz yurtini asl farzandlari boʻlgan ichki ishlar organi xodimlari doim oʻz vatani tinchligini taʼminlash, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshish maqsadi bilan yashashi toʻgʻrisida gapirdi. Ichki ishlar organlarida oʻz faoliyatini olib boruvchi xodimlar sharafli kasbni tanlaganliklarini va bu yoʻl mashaqqatli ekanini oʻz soʻzida bildirib oʻtdi.

Keyingi Soʻz navbatini IIV Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik A.X. Sattarov davom etib, oʻzining uzoq yillik mehnat faoliyati toʻgʻrisida gapirib, ichki ishlar organlari faoliyati xalq bilan hamnafas boʻlishi, har bir bajaradigan amali fuqarolar bilan chambarchas bogʻliqligini taʼkidladi. Xususan, oʻz mehnat faoliyati davomida yuzaga kelgan muammo va qiyinchiliklarni bosib oʻtib, oʻz kasbiga sodiq farzandlar hamisha el-yurt ardogʻida boʻlishliklarni aytib oʻtdi. Har bir Ichki ishlar xodimi sodiq, hushyor va hamisha halol mehnat qilib, jamiyatning boshqa boʻgʻinlariga ham oʻrnak boʻlishliklarini taʼkidladi. Zero, shu oʻrinda muhtaram Prezidentimizning “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu –ichki ishlar sohasi, desak ayni haqiqat boʻlar edi” degan soʻzlarini yodga olib, biz ichki ishlar xodimlarining zimmasida ulkan masʼuliyat borligi, bu esa hamisha vijdonan va halol ishlashimiz kerak ekanligini yana bir marta biz tinglovchilarga uqtirdi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi boʻlim boshligʻi, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Farogʻat Xudayqulova tinglovchilarga vatan himoyachisi boʻlish har bir yigitning yoshlikdagi orzusi ekanligi, ichki ishlar organi xodimlarining xalq orasida hurmati baland ekanligi toʻgʻrisida soʻzlab, oʻz qalamiga mansub vatanga muhabbat mavzusidagi sheʼrlaridan oʻqib berdi. Albatta, tadbir davomida insoniyat jamiyatidagi eng nozik tuygʻu boʻlmish muhabbat haqidagi parchalar ham yangramasdan qolmadi, bu esa davra shukuhiga shukuh qoʻshib, dillarni yayratdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Shodi Otamurod ham oʻz nutqida Vatanga, ota-onaga boʻlgan muhabbat mavzusidagi oʻz sheʼrlarini oʻqib, har bir yigit vatan himoyasi uchun kamarbasta boʻlishi, uning har bir qarichini koʻz qorachigʻidek asrashi oʻzbek xalqiga xos ezgu jihat ekanligiga urgʻu berdi. Har ikkala shoir ham ichki ishlar organlari tizimida faoliyat olib boruvchi xodimlarning mashaqqatli mehnatlariga javoban, oʻzlarining ijod mahsullaridan boʻlmish sheʼriy kitoblari va respublika yozuvchilar uyushmasi va IIV Kasaba uyushmasi tomonidan oʻquv kursi tinglovchilarining maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini mustahkamlash uchun 100 dan ortiq kitoblar IIV Malaka oshirish instituti kutubxonasiga sovgʻa tarzida topshirildi.

Tabdir davomida shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti hamda Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamkorligida Institutning doimiy va oʻzgaruvchan shaxsiy tarkibi oʻrtasida “9-may – Xotira va qadrlash kuni” bayramiga bagʻishlangan sport musobaqalari va “Eng yaxshi devoriy gazetalar” koʻrgazmali musobaqasi gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Musobaqa gʻoliblariga institut rahbarining buyrugʻiga asosan qimmatbaho sovgʻalar va faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi. Darhaqiqat, har bir avlodning yetuk kadr boʻlib, yetishishida ustozlarning muhim ahamiyat kasb etishi hech kimga sir emas. Fursatdan foydalanib, bir guruh IIV Malaka oshirish institutining faol va namunali xodimlari ham, bir qator qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Bu esa kelgusidagi oʻz mehnat faoliyatlarida unumdorlikni oshirib, ishlash koʻlami samarasini sezilarli darajada koʻtaradi. Soʻz yakunida IIV Malaka oshirish instituti kasbiy tayyorgarlik fakulteti boshligʻi oʻrinbosari, Oʻquv kursi boshligʻi podpolkovnik A.M.Abjalov mana shunday tadbirlar har bir xodimning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini yuksaltirishi, uning mafkurasida faqatgina bunyodkor gʻoyalar shakllanishi, fuqarolar bilan qonun doirasida muomalada boʻlish madaniyatini oshirishi hamda komil inson fazilatlarini oʻzlarida mujassam etishlari uchun asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Uchrashuvda oʻquv kursining faol tinglovchilari ham Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub vatan va muhabbat haqidagi sheʼriy misralaridan parchalar oʻquv tadbir ishtirokchilarini xushnud etdi.

Tajribali ichki ishlar xodimi, polkovnik Sattarov Abdugʻofur Xamidovich hamda ijodkor shoirlar Farogʻat Xudayqulova, Shodi Otamurodlar bilan tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy suhbat IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi Oʻquv-dala markazidagi Vazirlik Malaka oshirish instituti oʻquv kursida taʼlim olayotgan tinglovchilarda vatanparvarlik hissini yanada yuksalishiga, oʻz kasbiga masʼuliyat bilan yondashishiga, shuningdek adabiyot va sheʼriyatga ishtiyoqini yanada oshishiga xizmat qiladi.

IIV Malaka oshirish instituti

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага