“Vatanparvarlik bogʻi”ga sayohat
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 4-mintaqaviy hududi 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasi xodimlari Qarshi shahridagi “Vatanparvarlik bogʻi”ga sayohat uyushtirishdi.
“Juma - vatanparvarlik kuni” tadbiri doirasida tashkil etilgan tadbirda ichki ishlar organi xodimlari “Vatanparvarlik bogʻi”da koʻrgazmaga qoʻyilgan jangovar va xizmat avtomashinalari, qurol-yarogʻ, maxsus himoya vositalari va boshqa uskunalar, harbiy kiyim-boshlar bilan yaqindan tanishishdi. Ularga mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy milliy armiyamizning qudrati va salohiyati, erishayotgan yutuqlari, qolaversa, Vatan ozodligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va el osoyishtaligi uchun fidokorona kurashgan millatimiz qahramonlari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Oʻzbekiston manfaatlarini himoya qilishga shay milliy Armiyamiz qudrati hayotiy misollar va taʼsirchan koʻrgazmali vositalar orqali namoyish etildi.
“Vatanparvarlik bogʻi”dagi amfiteatr, harbiy xandaq, tir va lukodrom, harbiy kichik muzey, parashyutdan sakrash minorasi ham sayohatchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” konseptual gʻoyasi asosida tashkil etilgan ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir xodimlarda vatanparvarlik, milliy gʻurur va kasbga sadoqat tuygʻularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi tayin.
Sodiq Rahimov, “Postda” muxbiri. Qashqadaryo viloyati.