6 Oktabr 2021 909

Vazir oʻrinbosari huzurida Jizzax viloyati IIB faoliyati tahlil etildi

Ikki kun davomida respublika Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi Jizzax viloyatida boʻlib, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligi hamda probatsiya xizmatlarining faoliyatini atroflicha oʻrgandi. Bu jarayonda asosiy eʼtibor qonunbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyat samaradorligi hamda shaxsiy tarkibda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.

Mazkur oʻrganish natijalari respublika Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev rahbarligida koʻrib chiqildi. Vazir oʻrinbosari dastlab Paxtakor tumani IIB yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi binosida boʻlib, xodimlarning ishlashlari va fuqarolarga xizmat koʻrsatish boʻyicha yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Shundan soʻng Zafarobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3-sektor shtabida Arnasoy, Mirzachoʻl, Paxtakor, Doʻstlik, Zafarobod tumanlari ichki ishlar boʻlimlari jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida yigʻilish tashkil etildi. Tadbirda soʻz olgan respublika Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ichki ishlar organlari tizimidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida atroflicha toʻxtaldi.

Jumladan, notiq tizim moddiy texnika bazasini kuchaytirish, soha vakillari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash hamda profilaktika inspektorlarini xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida avtoulovlar bilan taʼminlash borasida qilingan ishlar hamda amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Bundan tashqari har bir profilaktika inspektorining kunlik faoliyatini baholash tizimi joriy etilishi va shunga asosan xodim ragʻbatlantirilishi yoki unga nisbatan tegishli choralar koʻrilishi bayon qilindi.

Soʻngra viloyatda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar tanqid ostiga olinib, oʻz vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir qator xodimlar qatʼiy tartibda ogohlantirildi. Shuningdek, profilaktika inspektorlari faoliyati tumanlar kesimida hamda kriminogen vaziyatga koʻra tahlil qilindi. Muhokama natijalariga koʻra inspektor psixologlar xizmat samaradorligini oshirish, davlat idoralari, xususan, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Xizmatga masʼuliyat bilan yondashish, tamagirlik, loqaydlik kabi illatlarga yoʻl qoʻymaslik, ilgʻor tajribalar hamda zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalaridan keng foydalanish, giyohvandlar, ichkilikbozliklar, jinoyatga moyil shaxslar, farzand tarbiyasiga befarq ota-onalar bilan ishlash, vasiylar ixtiyoridagi bolalarni nazoratga olish yuzasidan ham tavsiyalar bildirildi. Oʻz navbatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida hamkasblariga alohida namuna boʻlayotgan profilaktika inspektorlari faxriy yorliqlar, pul mukofotlari hamda sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shu kuni Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev Jizzax shahrida ichki ishlar organlarining patrul-post, yoʻl harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatlari xodimlari, Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi hamda Milliy gvardiyachilar ishtirokida oʻtkazilgan kechki yoʻriqnomada qatnashdi.

Tadbirda vazir oʻrinbosari jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan eng muhim vazifalarga oid mulohazalarini bayon etdi. Xuddi shunday, huquq-tartibot idoralarining salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlarga toʻxtaldi.

Yoʻriqnoma davomida oʻz xizmatlarini sidqidildan oʻtayotgan ichki ishlar organlarining patrul-post hamda yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari xodimlari hamda Milliy gvardiyachilar Ichki ishlar vazirligining faxriy yorliqlari ham sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shundan soʻng yigʻilganlar tungi xizmatga chiqib ketishdi.

Ertasi kuni esa Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida Jizzax shahri, Gʻallaorol, Baxmal, Forish, Sharof Rashidov tumanlari ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida oʻtgan tadbirda vazir oʻrinbosari tomonidan jamoat xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligi hamda probatsiya xizmatlari faoliyatida kuzatilgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.

Yigʻilishda qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatlarni fosh qilish borasida erishilayotgan natijalar ham eʼtirof etildi. Shu maʼnoda, hamkasblariga har jabhada ibrat boʻlayotgan xodimlarga faxriy yorliqlar va pul mukofotlari topshirildi. Tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov soʻzga chiqdi.

YAkunda Paxtakor tumani ichki ishlar boʻlimi jamoat xavfsizligi xizmati shaxsiy tarkibi respublika Ichki ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan “Nexia-3” avtoulovi kalitini qabul qilib olishdi. Ayni mazmundagi yigʻilish Zomin tumanida ham boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirda Zomin, Zarbdor, YAngiobod tumanlari ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari va profilaktika inspektorlari qatnashdilar. Viloyatda oʻtkazilgan yigʻilishlar davomida 6 ta tuman ichki ishlar boʻlimlari jamoat xavfsizligi xizmatlariga kompyuter jamlanmalari topshirildi.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага