25 Yanvar 2023 632

Xalqchil professional tuzilma - maʼnaviy yuksaklik, kasbga sadoqat va fidoyilik bilan shakllanadi

Prezidentimizning joriy yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmuniga toʻxtalishdan oldin, ushbu hujjatning yuzaga kelish tarixi, zarurati hamda ahamiyatiga qisqacha toʻxtalib oʻtsak.

Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik­ni taʼminlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, eng asosiysi, bugungi islohotlar bosh maqsadi boʻlgan — inson qadrini qaror toptirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ushbu murakkab hamda masʼuliyatli vazifalarni bajarish koʻp jihatdan huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligiga, shuningdek, kadrlar salohiyati, maʼnaviyati, intizomi va albatta, sadoqatiga bevosita bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, sud-huquq tizimini isloh qilish masalasiga mamlakatimizda strategik vazifa sifatida doimiy ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi va progressiv gʻoyalari asosida ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar — tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, aholining kunlik muammolari bilan hamnafas ishlaydigan, xalqparvar tuzilmalarga aylantirmoqda, desak xato boʻlmaydi.

Bugungi ichki ishlar organlari 6-7 yil oldingi tizimdan oʻzining tashkiliy tuzilishi, ish uslubi, ijtimoiy vazifalarga integratsiya qilingani hamda maʼnaviy muhiti bilan tubdan farq qiladi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar natijasida fuqarolar ichki ishlar organi xodimi qiyofasida avvalgidek jazolovchi idora vakilini emas, balki oʻzining himoyachisi va koʻmakchisini koʻra boshladi.

Albatta, islohotlarning samarali boʻlishi tizimli va kompleks yondashuvni talab etib, natijadorligi esa kadrlar salohiyati darajasiga bevosita bogʻliq. Shu bois ham ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatiga doimiy eʼtibor qaratish lozim boʻlgan muhim vazifa sifatida qaralmoqda.

Shu oʻrinda bir masalaga eʼtibor qaratsak. Tizimga qanchalik yangi tuzilmalar, ish uslublari kiritilib, shaxsiy tarkib zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika vositalari bilan taʼminlanmasin, ulardan aql bilan foydalana olmasa, xodimda bilim, mahorat, maʼnaviyat va sadoqat yetishmasa, bunday kuch tuzilmasini ishonchli va xalqchil, deb boʻlmaydi. Shuni chuqur anglagan holda, soʻnggi ikki yilda ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga tizimli yondashilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2021-yil fevral oyida Ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga amaliy tashrifi chogʻida oldimizga tizimda shaxsiy tarkib bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish hamda kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish vazifasini qoʻyib, shaxsan oʻzi ushbu tizimning konstruksiyasini yaratib bergan edi.

Ichki ishlar organlarida kadrlar siyo­satini olib borish borasidagi ushbu muhim qadam sababli, kadrlar bilan ishlash sohasi transformatsiya qilindi. Yaʼni IIV Kadrlar bosh boshqarmasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti sifatida qayta tashkil etilib, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi. 

Tabiiy­ki, kadrlar bilan ishlash sohasining vazifalari ham yangi tizimning strategiyalaridan kelib chiqib oʻzgardi. Bu borada maʼnaviy-maʼrifiy ishlar­faoliyatning bosh mezoniga aylandi.

Shuningdek, ichki ishlar organlari sohasiga uzluksiz oʻquv-karyera va IIV Akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimi joriy etilgani xodimlar maʼnaviyati va ongini oʻzgartirishi bilan birga, tizimda intizom va qonuniylik muhitini qisqa vaqt ichida ijobiy tomonga siljita oldi. Lekin hali tizimda muammolar va kamchiliklar, ayniqsa, xodimlarning muomala madaniyati va kasbiy salohiyati bilan bogʻliq kamchiliklar uchrab turgani sohada qilinishi kerak boʻlgan masalalar koʻpligini koʻrsatmoqda.

Shuning uchun ham yuqorida qayd etilgan qarorni qabul qilish zarurati Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning tizimli rejalaridan oʻrin oldi.

Xususan, qarorning muhim jihatlaridan biri boʻlgan “Ichki ishlar organlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”ni qabul qilish tashab­busi bundan bir yil oldin davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbus amaliy tus olishi va rivojlanishi uchun Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga kiritildi.

Taʼkidlash joizki, yangi qabul qilingan qaror ichki ishlar organlarida kadrlar sohasida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Ushbu hujjat shaxsiy tarkib oʻrtasida nafaqat “temir intizomni” taʼminlash, balki sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin yaratishi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.

Chunki qaror bilan ichki ishlar organlari xizmatiga nomzodlarni qabul qilish, kadrlarni tayyorlash, ularni oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, taʼlim sifatini koʻtarish, ilmiy hamda psixologik faoliyatni rivojlantirish, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish hamda xizmat oʻtash masalalarida va albatta, sohani raqamlashtirish boʻyicha ham katta oʻzgarishlarga qoʻl urildi.

Ushbu rejalar va loyihalarni amalga oshirish uchun alohida kompleks ­chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Shuningdek, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida 6 ustuvor yoʻnalish belgilandi. Qolaversa, departament nizomi ham qabul qilindi.

Shu oʻrinda qaror loyihasini tayyorlash jarayoniga soha olimlari, ilmiy va malakali amaliyotchi xodimlar keng jalb etilib, joriy faoliyatning samaradorligi, kamchiliklari ilmiy va amaliy tahlil qilinganini, oʻndan ortiq xorijiy mamlakat tajribalari oʻrganilganini qayd etib oʻtish lozim.

Endi bevosita qaror mazmuniga toʻxtaladigan boʻlsak, “Ichki ishlar organlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi” ichki ishlar organlari tarixida ilk bor qabul qilinmoqda. Unga qadar faoliyatimizda faqat “Ichki ishlar organlarining intizom ustavi”ga amal qilib kelingan. Ushbu ustavning asosiy predmeti xodimlarni ragʻbatlantirish va intizomiy jazolash faoliyatini tartibga solishdan iborat boʻlgan.

Yangi qabul qilingan kodeks xodimlarni maʼnaviyatli, sadoqatli, xalqparvar etib tarbiyalash, ularda halollik, yuqori masʼuliyat hamda odob-axloq normalariga soʻzsiz rioya etish hissini shakllantirish, nojoʻya harakatlar va korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Shuningdek, kodeks — kasbiy mada­niyat qoidalari, unga amal qilish majburiyati, xodimlarning xizmatdan tashqari vaqtdagi odobi, xizmat intizomi talab­lari, rahbar va xodimning oʻzaro munosabati, boshliqning majburiyati hamda ragʻbatlantirish va intizomiy choralar qoʻllash tartiblarini oʻz ichiga olgan.

Albatta, kodeksni tasdiqlash va tartiblarni belgilash bilan muammo hal boʻlib qolmaydi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, unga amal qilishning qatʼiy talablari va shartlari ham belgilandi. Masalan, har bir xodim, u rahbar boʻladimi yoki oddiy xodim, barchasi kodeksga soʻzsiz rioya etishi, uning talablarini oʻzlashtirishi va boʻysunishi shart. Bundan buyon xodimning faoliyatini baholashda kodeks talablarini bilishi va unga amal qilishi asosiy mezonlardan biri sifatida qaraladi.

Kodeks talablariga boʻysunmaslik esa xizmatdan boʻshatishgacha boʻlgan ­qatʼiy choralarni qoʻllashga asos boʻladi. Shuningdek, barcha darajadagi rahbarlar kodeks talablarining bajarilishiga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish boʻyicha shaxsan javobgar ekanligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bilan birga, endilikda xodimlar dastlabki sinov muddati davrida kodeks qoidalari va talablarini buzgan hollarda ularga biriktirilgan murab­biylar ayblilik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy jazoga tortiladi. Shu tariqa murabbiylar masʼ­uliyati keskin oshiriladi.

Yana bir oʻzgarish, joriy yil 1-sentyabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl-patrul va pat­rul-post xizmati boʻlinmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” boʻ­yicha uzluksiz oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻ­yiladi. 

Bunda, xodimlar IIV Malaka oshirish institutida 144 soatdan kam boʻlmagan dastur asosida har uch yilda oʻqitilib, maxsus sinovdan oʻtkaziladi. Sinovlarni ijobiy topshirganlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini beruvchi sertifikat topshiriladi. Sertifikat olmagan xodimlarga esa fuqarolar bilan ishlash faoliya­tiga ruxsat etilmaydi. Ushbu tartib ham xodimlarning oʻz ustida tinimsiz ishlashga, fuqarolar bilan muloqot koʻnikmalarini shakllantirib borishga boʻlgan shaxsiy masʼuliyatini oshiradi.

Qarorning muhim yangiliklaridan yana biri, bu — ichki ishlar organlari fao­liyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish. 

Shu maqsadda, IIV va uning hududiy boʻlinmalarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat maslahat-kengash organi, yaʼni jamoatchilik kengashlari tuziladi.

Jamoatchilik kengashlarini tuzish masalasi birinchi navbatda, demokratik jamiyatning muhim sharti va xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Ikkinchidan, ushbu institut zamon talabi hamda islohotlarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, joriy etilmoqda. Jamoatchilik kengashlari faoliyatining samarali yoʻlga qoʻyilishi, ishonamizki, sanab oʻtilgan masalalarda oʻzining aniq natijasini berib, faoliyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Bundan tashqari, kadrlarni xizmatga qabul qilish, aytish mumkinki, soha taqdirini belgilovchi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. 

Ochigʻini aytish kerak, ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish tizimi samaradorlik jihatidan ancha eskirgan, salohiyatli nomzodlarni saralab olish imkoniyatini bermayotgan edi. Ushbu masala ham qayta koʻrib chiqildi va xizmatga qabul qilishning mutlaqo yangi, takomillashgan zamonaviy mexanizmi yaratildi.

Yangi tartibni yaratishda Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Xitoy kabi qator davlatlar tajribasi oʻrganildi hamda ulardan foydalanildi.

Belgilangan tartibga koʻra, tanlovlar ikki bosqichga, yaʼni saralash va oʻrganish bosqichiga ajratildi. «Ye-nomzod” yopiq axborot tizimini yaratish orqali xizmatga qabul qilish jarayonlari toʻliq raqamlashtiriladi. Inson omili aralashuvi yuqori boʻlgan suhbat tizimi oʻrniga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlarini qabul qilish va psixofiziologik (poligraf) tekshiruvidan oʻtkazish tadbirlari amalga oshiriladi.

Aqliy sinovlar jismoniy darajani baholashdan oldin qabul qilinadi va testlarni faqat yaxshi va aʼlo bahoga topshirganlar keyingi bosqichga qoʻyiladi. Nomzodlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va shaxsiy yigʻma jildlarni shakllantirish saralash bosqichidan oʻtgandan soʻng amalga oshiriladi. Shuningdek, hujjat rasmiylashtirish jarayonlari byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish nuqtayi nazaridan soddalashtiriladi.

Xizmatga qabul qilish masalasida yana bir muhim jihatga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Shu kunga qadar amalda boʻlgan xizmatga qabul qilingan yosh xodimlarni boshlangʻich kasbiy tayyorgarlikdan oʻtkazmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri xizmatga qoʻyish amaliyotiga barham berilib, dastlabki sinov muddati esa bir yilgacha uzaytirildi.

Xoʻsh, bu bizga nima beradi? Solishtirish uchun aytadigan boʻlsak, avvalgi tartibda nomzodlar toʻplagan balldan qatʼiy nazar, boʻsh lavozimlar sonidan kelib chiqib qabul qilinar edi. Hatto bilim darajasi yaxshi boʻlmagan nomzodlarning ham xizmatga kirish imkoniyati juda yuqori boʻlgan. Yangi qabul qilingan xodim hech qanday tayyorgarliksiz toʻgʻridan-toʻgʻri xizmatga chiqarilib, vazifalar yuklatilgan. 

Bundan tashqari, sinov muddati qisqa — uch oy edi. Bularning barchasi yosh xodimlarni xizmat vazifasini lozim darajada bajara olmasligiga, koʻplab xatoliklarga yoʻl qoʻyishiga sabab boʻlgan.

Joriy etilayotgan tartib boʻyicha endi xizmatga faqat salohiyatli nomzodlar tanlab olinadi va boshlangʻich kasbiy bilim va koʻnikmalarni egallaganidan soʻng ularga xizmat qilish uchun ruxsat beriladi. 

Shubhasiz, ushbu yangi tizim ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining sifat jihatidan oʻzgarishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Endi qarorning kasbiy tayyorgarlik hamda idoraviy taʼlim sohasiga qanday yangiliklarni olib kirayotganiga toʻxtalsak. Bu borada ham qator chora-tadbirlar belgilandi. 

Xususan, IIV Akademiyasida ichki ishlar organlari taʼlim muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilishi, amaliyotdagi kuchli xodimlarni pedagog sifatida tayyorlash hamda pedagoglarning mutaxassisliklariga sohaning oʻziga xos xususiyatlarini integratsiya qilish imkoniyatini yaratadi.

Qayd etilganlardan tashqari, qarorda Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentiga shaxsiy tarkibning jismoniy, jangovar va psixologik tayyorgarligini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator muhim vazifalar qoʻyildi. 

Jumladan, ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish konsepsiyasini ishlab chiqish, malaka toifasini berish tartibi va mezonlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqish orqali ularni zamon talablariga mos ravishda malakalash va malakasiga koʻra, haq toʻlash tartibini takomillashtirish koʻzda tutilgan. 

Shuningdek, barcha darajadagi ichki ishlar organlarining jangovar shaylik va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishni nazarda tutib, sportning yakka kurash turlari (qoʻl jangi, sambo va kurash) boʻyicha hududiy terma jamoalar va sport seksiyalarini tashkil etish, psixologik xizmat koʻrsatish boʻyicha yangi tizimni joriy etish, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, mutaxassislarni xorijiy ilmiy va taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirishni nazarda tutuvchi choralarni belgilash vazifasi qoʻyilgan.

Qaror bilan ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning “Yoʻl xaritasi”da 34 banddan iborat manzilli chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan:

— xizmat intizomiga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan

«xodimbay nazorat» tizimini joriy qilish choralarini koʻrish;

— yosh xodimlar oʻrtasida vatanparvarlik, kasbga nisbatan sadoqat hissini shakllantirishga qaratilgan “uch avlod” tizimini rivojlantirish;

— xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirish va maʼnaviy ­dunyoqarashini yuksaltirish;

— xodimlar bilan ishlashni tashkil etish jarayoniga axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda “E-XID” — «Xodimbay ishlash daftari» yuritish elektron tizimini joriy qilish;

— IIV ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi tashkilotlarining

2023-2027-yillarga moʻljallangan ­ilmiy tadqiqot ishlari dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash;

— IIV Akademiyasida xorijiy mamlakatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash va oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyish;

— IIV Akademiyasi va Malaka oshirish institutining professor-oʻqituvchilar tarkibi faoliyatini “Smart reyting” elektron tizimi orqali baholash tartibini joriy etish;

— 2023-2027-yillarda ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;

— tizimda professional darajadagi jismoniy, jangovar va kasbiy tayyorgarlikka ega xodimlarni ragʻbatlantirishning mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, qabul qilingan qaror ichki ishlar organlarini aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlash va fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʻlishni taʼminlashga, xodimlarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlari yuksalishiga, vatanparvarlik va sadoqat hissi kuchayishiga, tartib-intizom va qonuniylik mustahkamlanishiga, xodimlarda bilim va professionalizm hamda masʼuliyatning ortishi evaziga ish natijalari oʻsishiga, aholining chin roziligiga erishishga xizmat qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, kadrlar masalasi doimiy ravishda yangilanib turilishi lozim boʻlgan muhim soha hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, Prezidentimiz boshchiligida faqat va faqat xalq manfaatlarini koʻzlab olib borilayotgan islohotlarimiz bundan keyin ham toʻxtab qolmaydi, bu borada tinimsiz izlanishlar olib boriladi va sohani bundanda, rivojlantirish uchun yangi reja, gʻoya hamda tashabbuslar ­ilgari suriladi.

Azizbek IKROMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага