Xizmat jarayonida muhim ahamiyatga ega mashgʻulotlar
Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat jarayonlarida oʻziga yoki fuqarolarga qilingan hujumni bartaraf etish, jinoyatchilik yoki huquqbuzarlikni toʻxtatishda, faol qarshilik koʻrsatgan shaxsni zararsizlantirib hibsga olish maqsadida elektroshokerdan foydalanishga zarurat tugʻiladi.
Maxsus vositalardan, shu jumladan elektroshokerdan foydalanish tartibi “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonun, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining tegishli buyrugʻi bilan belgilab qoʻyilgan.
Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan maxsus tayyorgarlikdan oʻtganligini tasdiqlovchi sertifikatni olgan xodimlarga elektroshokerdan foydalanishga ruxsat beriladi.
Xodimlarning maxsus vositalardan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini shakllantirish hamda mustahkamlash borasida IIV Malaka oshirish institutining oʻrni beqiyos hisoblanadi.
Vazirlik Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi Oʻquv-dala markazida IIV Malaka oshirish institutining boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik oʻquv kursi tinglovchilariga, “Jangovar tayyorgarlik” sikli professor-oʻqituvchilari tomonidan maxsus vositalardan foydalanish boʻyicha bilimlarini oshirish choralari koʻrilmoqda.
Mashgʻulotlar jarayonida tinglovchilar yuqori qiziqish va talabchanlik bilan bilim-salohiyatini mustahkamlamoqda.
Maxsus vositalar hamda elektroshokerdan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlarini “Ichki ishlar idoralari toʻgʻrisida”gi qonunning jismoniy kuch, maxsus vositalar va oʻqotar quroldan foydalanish tartibi va shartlarini aniq ifodalovchi tegishli moddalariga tayangan holda oʻrgatilmoqda.
Taʼlim jarayonlarida yosh xodimlar har qanday vaziyatda, toʻliq jangovar shaylikni taʼminlash, amaliyotda maxsus vositalardan toʻgʻri foydalanishda boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik kursi muhim ahamiyat kasb etuvchi poydevor hisoblanadi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, ichki ishlar organi xodimi har qanday vaziyatda tez va toʻgʻri qaror qabul qila oladigan, jismonan baquvvat, kasbiy tayyorgarligi yuqori hamda puxta jangovar tayyorgarlikka ega boʻlishi, hozirgi kunning asosiy talabidir.
Zamonaviy jangovar himoya vositalardan samarali foydalanishni oʻzlashtirish shular jumlasidandir.
IIV Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakulteti boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Abdujabbor Abjalov