7 Iyun 2022 1506

Xizmatlar sohasidagi natijalar tahlil qilindi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 iyun kuni xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Xizmatlar – kam xarajat bilan ko‘p aholining bandligini ta’minlasa bo‘ladigan soha. Shu bois hududlarda maishiy xizmat uylari tashkil etilmoqda, ishsizlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda, mablag‘ va sharoit bilan ta’minlanmoqda. 

Joriy yil 27 yanvarda davlat rahbarining “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu sohaga ko‘plab yengilliklar berildi va imtiyozli resurslar ajratildi.

Bular orqali joriy yilda 120 mingdan ortiq yangi loyihalarni amalga oshirib, xizmatlar hajmini 435 trillion so‘mga yetkazish reja qilingan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda bu borada hududlarda bajarilgan ishlar tahlil qilindi.

Hokimlar xalqni o‘ylab, halol ishlab, tadbirkorlarga yer, bino va infratuzilma masalasida yordam bergan joylarda natija bo‘lgan. Masalan, Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida minglab ish o‘rinlari ochilgan. 

Yanvar-may oylarida xizmatlar sohasida 232 ming ish o‘rni yaratilgan. Lekin Jizzax, Navoiy, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida bu boradagi natijalar past. 

So‘nggi ikki oyda xizmat joylari tashkil etish uchun 12 mingta yer maydoni auksionga qo‘yilgan. Lekin 27 ta tumanda savdoga chiqarilgan maydonlar soni 10 taga ham yetmagan.

Shu sababli bunday sustkashlikka yo‘l qo‘ygan shahar va tuman hokimlari, ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlariga intizomiy jazo choralari belgilandi.  

Xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 9 oy va yil yakunigacha bo‘lgan rejalar muhokama qilinar ekan, Buxoro tajribasi bu borada namuna qilib ko‘rsatildi.

Misol uchun, Buxoro shahridagi tadbirkorlar mehmonxona, oshxona, savdo do‘konlarining tom qismida restoran va kafeteriylar tashkil etgan. Imtiyozli kreditlar samaradorligi tahlil qilinganda, bir ish o‘rni ochish uchun o‘rtacha 8-9 million so‘m ketgan, xolos.

Mutasaddilarga ushbu tajribani boshqa shahar va tuman markazlarida ham joriy qilish, buning uchun xavfsizlik talablari hamda ijaraga berish shartlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Umuman, yurtimizda aholiga qulay va serqatnov yo‘l bo‘ylarida davlat idoralarining balansidagi 4 mingga yaqin ma’muriy bino joylashgan. Ushbu bino va inshootlardan ham servis sohasida samarali foydalanish mumkinligi ta’kidlandi.

Xizmat shoxobchalari tashkil etish uchun, avvalo, qulay joy kerak. Shu bois yig‘ilishda yana 25 mingta yer maydonlari servis va savdo ob’ektlari uchun auksionga chiqarilishi belgilandi. 

Bu borada aholiga yanada qulaylik yaratish uchun endi yerlarni auksionga qo‘yish jarayoni ijara bo‘yicha 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi. Yer maydonlarini baholash ekspertizadan o‘tkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi.

Shu bilan birga, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor ma’lumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi. Barcha vazirliklarning kadastr ma’lumotlari Milliy geoaxborot tizimiga kiritiladi. 

Joriy yil 1 sentabrgacha 205 ta tuman va shaharda 253 ta maxsus savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun o‘tgan yili respublika budjetidan 1 trillion 400 milliard so‘m, joriy yilda esa 900 milliard so‘m ajratilgan. 

Masalan, Jizzax shahrining “Jizzaxlik” mahallasidagi yopiq ko‘cha Sharof Rashidov markaziy ko‘chasiga bog‘lanib, savdo va servis shoxobchalariga tunu kun ishlashga ruxsat berilgan. Natijada biznes rivojlanib, 200 ta ish o‘rni paydo bo‘lgan.

Viloyat hokimlariga shahar va tumanlarda shunday ko‘chalar tashkil etib, servisni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yoki yana bir misol: Boysundagi mashhur Omonxona sihatgohi atrofida 3 ta mehmonxona bor. Lekin joy yetishmasligi sababli mehmonlarni qishloqdagi xonadonlar qabul qiladi. Agar bu sihatgohga olib boruvchi yo‘l yaxshilansa, mehmonlar soni yanada ko‘payishi, yo‘l bo‘yida 200 dan ziyod savdo va xizmat ob’ektlari tashkil etilishi mumkin. Shu bois, mutasaddilarga Omonxona qishlog‘ini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Shunday yondashuv asosida, xorijiy konsalting kompaniyalari va ekspertlarni jalb qilib, 28 ta shahar va xizmat salohiyati yuqori 10 ta tumanning “master rejasi”ni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezident ko‘chma va yengil konstruksiyali savdo faoliyati uchun talablarni soddalashtirish zarurligini ta’kidladi. 

Jumladan, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, mahalla, obodonlashtirish va yo‘l tashkilotlariga o‘z hududida mavsumiy kafe va savdo nuqtalarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu orqali qariyb 50 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi.

Yig‘ilishda transport sohasiga xususiy investorlarni jalb qilish, xizmatlar turini ko‘paytirish, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatini transformatsiya qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi. 

Davlatimiz rahbari yaqinda mahallalarda bo‘lib o‘tgan saylovlarga ham to‘xtalib, raislarni saylangani bilan tabrikladi.

– Elga bosh bo‘lish bu – katta mas’uliyat. Mahalla raislari mamlakatimizdagi islohotlarni har bir xonadonga yetkazishda, odamlarning talabini hokimlar oldiga qo‘yib, xalqimizni rozi qilishda yetakchi bo‘lishi zarur. Bugun xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan aniq masalalar ham eng avvalo mahalladan boshlanishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokim va hokim yordamchilari so‘zga chiqib, reja va takliflarini bayon etdi.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага