27 Yanvar 2023 591

Xodimlarning eng yaqin doʻsti

Boʻlinmamiz tasarrufida Sharqiy Yevropa, Belgiya va nemis ovcharkalari, labrador va rus spaniyel zotiga mansub 72 ta xizmat iti mavjud. Ular asosan iz qidiruv, portlovchi moddalar va giyohvand moddalarni qidirib topish, antiterror hamda qoʻriqlash yoʻnalishlariga oʻrgatilgan. Oʻtgan yili kinologlar xizmat itlari bilan 762-marta voqea joyiga chiqib, 191 ta jinoyatning ochilishiga hissa qoʻshishdi. Bundan tashqari, 3227,84 gramm giyohvand modda ham xizmat itlari yordamida aniqlandi, - deydi Kinologiya boʻlinmasi boshligʻi, mayor Baxtiyorjon Mirzashev.

Fargʻona viloyati IIB JTSB Kinologiya boʻlinmasi xizmat itlari pitomnigidagi maxsus maydonda oʻnlab xodimlar oʻzlariga biriktirilgan xizmat itlari bilan mashgʻulot oʻtkazishmoqda.

Hayron qoldirgani shuki, itlarning birortasi bizga eʼtibor ham bermadi. Goʻyo ularga oldindan aytib qoʻyilgandek, topshiriqlarni bajarish bilan band. Ilgari itlarga buyruq rus tilida berilgan boʻlsa, endilikda oʻzbekcha topshiriqlar berilayotgani quvonarli. “Tashla!”, “Toʻxta!”, “Sakra!”, “Top!”, “Izla!” singari buyrugʻu xitoblarni tushungan aqlli jonivorlar abjirlik va tezkorlik bilan harakat qilishyapti.

Bugungi kunda boʻlinma Milliy gvardiya boshqarmasi bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda. Xodimlarning kasbiy mahorati va jangovar shayligini oshirish, xizmat itlari bilan ishlash koʻnikmalarini yaxshilash borasida hamkorlikda nazariy va amaliy oʻquv mashgʻulotlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Xizmat itlari xodimlarimizning eng yaqin doʻstiga aylangan, - deydi kichik instruktor-kinolog, saf-dor Ilhomjon Abbosov. - Ular bizni, biz ularni juda yaxshi tushunamiz.

Oʻtkazayotgan mashgʻulotlarimiz aynan shunday koʻnikmalarni shakllantirib boradi. Shu bois xizmat jarayonida, tezkor tadbirlarda aslo qiynalmaymiz.

Boʻlinmada koʻplab mohir kinologlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ular erishayotgan yutuqlar ham salmoqli. Masalan, oʻtgan yili noyabr oyida Jizzax viloyatida kinologiya xizmati xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻpkurash musobaqasida birinchi mintaqaviy hudud muvofiqlashtirish markazi 1-kinologiya guruhi kichik inspektor-kinologi, safdor Muhammadali Moʻminov «Nala» laqabli xizmat iti bilan umumiy kurs yoʻnalishi boʻyicha birinchi, shaxsiy birinchilikda uchinchi oʻrinni egalladi.

Kinologiya boʻlinmasi instruktor-kinologi, safdor Dilshod Mahkamov esa “Baykal” — laqabli xizmat iti bilan “Transport vositalaridan portlovchi moddalarni aniqlash” mashqi boʻyicha birinchi, toʻsiqlarni yengib oʻtish mashqi boʻyicha uchinchi oʻrin sohibiga aylandi.

Boʻlinma kichik instruktor-kinologi, safdor Umidjon Usmonov xizmat iti bilan biatlon mashqi boʻyicha birinchi, iz-qidiruv yoʻnalishi mashqi boʻyicha ikkinchi oʻrinni band etdi.

Abduvosit Sidiqov, “Postda” muxbiri. Fargʻona viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага