29 Oktabr 2022 1190

Xotin-qizlar faolligi – jamiyat ravnaqi

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Ayoli qadrli yurtning kelajagi buyukdir” mavzuida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻquv-saf qismi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda maʼnaviyat targʻibotchilari, hakamlik sudlari vakillari, qizlar otryadi ofitserlari hamda kursantlar ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, yurtimizda xotin-qizlarning taʼlim olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy muammolarini hal etish, jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Ayniqsa soʻnggi yillarda ilm-maʼrifatli qizlar safini kengaytirish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning ilgʻor tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli chora-tadbirlar qilindi.

Uchrashuvda soʻz olganlar jamiyat ravnaqida xotin-qizlarning oʻrni, qizlar kamolotining maʼnaviy-axloqiy va tarbiyaviy-psixologik jihatlari, maʼnan va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazishda oila hamda mahalladagi sogʻlom muhitning taʼsiri, ayollar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish omillari xususida oʻz mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek kursant qizlarga hakamlik sudlarining asosiy vazifalari va afzalliklari, bu turdagi sudlar tomonidan koʻrilayotgan ishlar, sud-huquq tizimidagi islohotlar jarayonida hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumotlar berildi.

Tadbirning badiiy qismi mushoira va madaniy chiqishlarga boy boʻldi. Ona yurtimizni madh etuvchi sheʼrlar barchaga xushnud kayfiyat ulashdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага