29 May 2022 387

Xotin-qizlar faolligi oshirilmoqda

Qashqadaryo viloyati IIBda «Ichki ishlar organlarida xotin-qizlarning faolligini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash» mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlari, shahar-tuman IIBlari ayol xodimlari, IIV Qashqadaryo akademik litseyi o‘quvchi qizlari va faxriy xodimalar ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev ochib, tinchlikni asrash, el osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklar, jinoyatlarni erta aniqlab, oldini olish va ro‘y berganlarini fosh etishda ichki ishlar organlari tizimida erkaklar bilan yelkama-yelka xotin-qizlar ham samarali xizmat qilib kelayotganini taʼkidladi. Bunda ichki ishlar organlarida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatib, bugungi kunda yoshlarga murabbiylik qilayotgan faxriy xodimalarning ham munosib hissasi bor. Ularning tajribasi va malakasi yosh xodimlar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Nargiza Mirjalolova ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi va huquqlarini taʼminlash borasidagi mehnatlarini alohida eʼtirof etdi. Ularning xizmatlarini munosib taqdirlash, ijtimoiy faolligini oshirish borasida davlatimiz va vazirlik rahbariyati tomonidan bir qator ishlar amalga oshirib kelinayotganini taʼkidladi. Xususan, fidoyi xodimlar davlatimizning qator orden va medallari, vazirlikning ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanayotgani, bundan tashqari, ularni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy, avtomashinalar uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar berilayotganini qayd etdi.

IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri,polkovnik Bernora Sadikova hamda boshqarma Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Jamila Sultonova ichki ishlar organlarida xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik haqida so‘z yuritib, bu, ayniqsa, «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da yaqqol namoyon bo‘layotganini taʼkidlashdi.

Tashrif doirasida ishchi guruh tomonidan IIV Qashqadaryo akademik litseyida o‘quvchilarning o‘qish va yashash sharoitlari o‘rganildi. Shuningdek, viloyat IIB tasarrufidagi “Yulduzcha” maktabgacha taʼlim tashkilotida bo‘lgan ishchi guruh aʼzolari tarbiyalanuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar va boshqa imkoniyatlardan samarali foydalanib, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida taklif va tavsiyalar berishdi.

Tadbir yakunida xizmatda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan bir guruh shahodatlangan xotin-qizlar viloyat IIBning tashakkurnomasi bilan taqdirlandi, faxriy xodimalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sodiq RAHIMOV, “Postdà” muxbiri.

Dashqadaryo viloyati.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага