20 Oktabr 2021 3985

Xotirada yashar abadiy

Ichki ishlar organlarida 2011-yildan buyon xizmat qilib kelgan safdor Toʻlqin Shodiyorovga 2021-yil ancha sinovli yil boʻldi. Kutilmaganda otasi Ziyodulla Shodiyorov ogʻir dardga chalinib, kasallik uni bu dunyodan olib ketdi. Bu ham yetmagandek, oʻzi va turmush oʻrtogʻi pnevmoniyaga uchrab, shifoxonaga tushib qoldi. Oʻzi Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, turmush oʻrtogʻi poytaxtdagi shifoxonaga davolanishga yotdi. Kutilmaganda...

Ajal kutib turmas ekan. Toshkent shahri aeroportlarida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi patrul-post xizmatida faoliyat yuritayotgan safdor Toʻlqin Shodiyorovning kasallikni yengib oʻtishi, sogʻayib ketishi qiyin kechdi. Shifokorlarning ming urinishi ham naf bermadi. Fidoyi xodimni kasallik mahv etdi. U olamdan oʻtdi.

Bu paytda shifoxonada davolanayotgan Toʻlqinning turmush oʻrtogʻi Munira uchinchi farzandiga homilador boʻlib, uning dunyoga kelishini butun oila sabrsizlik bilan kutishardi. Birov bu xabarni yetkazmaslik kerak, dedi, yana kimdir boshqacha fikr bildirdi. Lekin koʻngil sezar ekan.

Toʻlqin Shodiyorovning vafotidan ikki kun oʻtib, Munira sogʻayib, uyiga qaytdi. Lekin uyga kelib, shum xabardan qaddi dol boʻldi. Dard-alam muddatidan oldin tugʻruqni boshlab keldi. Oʻgʻil farzand dunyoga keldi. Toʻlqin “Yana oʻgʻil farzand koʻrsam, ismini Tohir qoʻyaman”, deb niyat qilib yurardi. Otasining orzusini amalga oshirish maqsadida chaqaloqqa Tohir deya ism qoʻyishdi.

Toʻlqin bilan safdorlik paytimdan buyon birga xizmat qilib kelaman, - deydi PPX komandirining oʻrinbosari, katta leytenant Habibulla Narziyev. - Qatʼiyatli, kasbiga fidoyi xodimlardan biri edi. Juda xushchaqchaq inson edi. Hammaga qoʻlidan kelgancha yordam berib yurardi. Nohaqlik, adolatsizlikni koʻrsa chidab turolmasdi. U ofitser boʻlishni, IIV Akademiyasida oʻqishni niyat qilib yurardi. Afsuski, rejalari amalga oshmadi.

Jinoyatchilikning oldini olish, osoyishtalikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelgan, jamoada oʻz oʻrniga ega boʻlgan safdor Toʻlqin Shodiyorovning koʻp yillik xizmatlari munosib eʼtirof etilib, vafotidan soʻng Prezidentimiz farmoniga koʻra, “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Bugun Toʻlqin Shodiyorov oramizda boʻlmasada, uning ezgu amallari, fazilatlari hamkasblari, yaqinlari tomonidan bot-bot tilga olinmoqda. Demak, u yaqinlari, farzandlari, hamkasblari xotirasida mangu yashamoqda.

Foziljon Mamasharipov, “Postda” muxbiri.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага