8 Aprel 2023 385

«Xotiramga muhrlangan kun...»

«Kollejda oʻqib yurgan vaqtlarimda voyaga yetmaganlar boʻyicha inspektor ayol kelib, turli tadbirlar, suhbatlar oʻtkazardi. Hammasidan ham uning egnidagi oʻziga yarashib turgan libosi diqqatimni tortardi. Shu-shu, tunda shunaqa forma kiyib yurganimni xayol qilib uxlardim. Kollejni tamomlab, viloyat IIBga hujjatlarimni topshirdim. Uch yil deganda koʻp sinovlardan oʻtgach, viloyat IIB Yoʻl harakati xizmati boshqarmasiga ishga qabul qilindim. Oʻsha kun men uchun eng baxtli, eng omadli kun boʻlib xotiramda qoldi».

Ichki ishlar organlaridagi ilk faoliyatini hayajon bilan eslagan safdor Madina Shoberdiyeva bugun viloyat YHXBda maʼmuriy amaliyot boʻlinmasi kichik inspektori sifatida xizmat vazifasini olib bormoqda. Oʻta tirishqoq va mehnatsevar safdor yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan taqdim etilgan bayonnomalarni rasmiylashtirishni ham shunday aniqlik va chaqqonlik bilan bajaradi.

Madina sportning shotakan karate-do va muay-tay turlari bilan shugʻullanadi. Bolaligidan sport mashgʻulotlarida chiniqqan qahramonimiz mamlakatimizda oʻtkazilgan koʻplab chempionatlarda, turnirlarda ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Xususan, 2022-yilda muay-tay boʻyicha Buxoroda tashkil etilgan xalqaro turnirda oʻz vazn toifasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

— Sport menga nafaqat irodali, balki sabr-toqatli boʻlishni ham oʻrgatdi, deydi Madina Shoberdiyeva. Bu jihatlar hayotda eng koʻp kerak boʻlar ekan. Turli vaziyatlarda hamma narsani vazminlik bilan yenggan insongina yutarkan.

Ichki ishlar organlarida xizmat qilishning oʻziga yarasha qiyinchiliklari, masʼuliyati bor. Shu bois Madinani turmush oʻrtogʻi doim qoʻllab-quvvatlaydi. Aslida, ayol kishi uchun eng asosiysi shu. Qahramonimiz ham oʻz oilasini qadrlashga, hamma narsani yaqinlarining roziligi asosida bajarishga harakat qiladi.

Axir, inoqlik, oʻzaro ahillikning asosi bir-birini ayash, tushunishga borib taqaladi.

Oʻzi ham, soʻzi ham xushchaqchaq safdor Madina Shoberdiyeva hamkasblarining mehrini, hurmatini qozonib ulgurgan. U endi IIV Akademiyasida tahsil olib, oliy maʼlumot olishni niyat qilgan. Ahdiga sodiq, maqsadi sari dadil qadam tashlaydigan yosh xodimaning niyatlari ushalishini istadik.

Feruza RAHMONQULOVA, “Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага