Yangi O'zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi
Bu chaqiriq bugun mamlakat kelajagi uchun o'zini javobgar his etgan xar bir yurtdoshimiz qalbida jaranglamoqda. Ichki ishlar vazirligi va xalq ta'limi vazirligi hamkorligida o'tkazilgan Qo'shma Hay'at majlisining bosh g'oyasi xam aynan umumta'lim maktablarida huquqbuzarliklar va jinoyatlar profilaktikasini ta'minlash masalasi bo'ldi. Majlisda ichki ishlar va xalq ta'limi vazirlari, vazir o'rinbosarlari, sohaga mas'ul rahbarlar ishtirok etgan bo'lsa, viloyat boshqarmalari va tuman bo'limlari vakillari joylardan onlayn tarzda qatnashishdi. Ichki ishlar vaziri general-leynenant Po'lat Bobojonov ikki hamkor vazirliklarning tarixiy uchrashuvi sifatida etirof etilgan mazkur xayat majlisida Uchinchi renessans poydevori bo'lgan yoshlarning ta'lim olishlari uchun zaruriy barcha choralarni ko'rish, yoshlar o'rtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lish, joylarda ichki ishlar va xalq ta'limi bo'limlari o'rtasida o'zaro hamkorlik va ma'lumot almashinuvini mustahkamlash kabi masalalar bugungi kunning eng dolzarb vazifasi sifatida belgilanganligini aytib o'tdi.
Shundan so'ng so'z ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig'i polkovnik Baxtiyor Berdialievga berildi. Voyaga etmaganlar va maktab o'quvchilari o'rtasida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar tahliliga to'xtalib o'tgan polkovnik Berdilaiev, maktablarda davomat tadbirlarini o'tkazishda sustkashliklarga yo'l qo'yilishi, o'quvchilarni nazoratsiz qoldirish hamda profilaktika inspektorlari va maktab rahbariyatining o'zaro hamkorlik olib bormaganligi oqibatida yo'q qo'yilgan og'ir va o'ta og'ir turdagi jinoyatlarga e'tibor qaratdi. Toshkent, Namangan, Farg'ona, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpog'iston Respublikasida yuz bergan holatlar, o'quvchilar tomonidan qo'l urilgan jinoyatlar va uning oqibatlari muhokama qilindi. Kelgusida bu kabi holatlarni yuzaga kelishiga yo'l qo'ymaslik borasida viloyat ichki ishlar va xalq ta'limi boshqarmalarining o'zaro hamkorlikdagi yo'l xaritalarini ishlab chiqish, nazoratsiz qolgan o'quvchilarni dars mashg'ulotlariga qaytarish, profilaktik tadbirlarni muntazam ravishda o'tkazib borish borasida kelishib olindi.
Shuningdek Toshkent shahrida maktab o'quvchilari o'rtasida giyohvand moddalari va psixotrop vositalarini tarqalishi kabi salbiy holatlarga yo'l qo'ymaslik, alohida nazorat talab etilgan maktablarga xodilmarni biriktirish masalasida zaruriy choralar ko'rish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ham o'zaro hamkorlik natijasida birinchi navbatda kelajak avlod, maktablarda tahsil olayotgan o'quvchilar uchun zaruriy sharoitlar yaratilishi ko'zda tutilganligini ta'kidlab o'tdi. Shuningdek maktablar birinchi o'rinda jamiyatdagi shaxslar tarbiyalovchi maskan. Agar ta'lim to'laqonli va samarali amalga oshirilsa bu o'z navbatida jamiyatda jinoyatchilikning kamayishi, turli ko'ngilsizliklarning yuzaga kelmasligiga bosh omil bo'lib xizmat qilishi e'tirof etildi.
Ayni vaqtda besh tashabbus doirasida barcha maktablar internet bilan ta'minlanmoqda. O'quvchilarni nazorat qilish va ota-onalar bilan o'zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida maktablarda Feys AyDi tizimini joriy etish, ta'lim sifatini oshirish maqsadida sinf xonalariga ovozli kameralar o'rnatish va ularni ichki ishlar organlari hamda profilaktika inspektorlari bilan integratsiyalashuvini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.
Qo'shma Hay'at majlisining yakunida viloyat boshqarmalari rahbarlarining takliflari tinglandi. May oyi o'zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida dolzarb oy sifatida belgilandi. Ichki ishlar vaziri tomonidan yangi o'quv yili boshlangunga qadar 3-sektorda ichki ishlar bo'limlariga biriktirilgan 220ga yaqin maktablarda ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini olib borish, yo'l harakati xavfsizligi va huquqbuzarliklar profilaktikasi xonalarini tashkil etish, maktablar yaqinidagi yo'l belgilari, yo'l chiziqlari va piyodalar o'tish joylarini ishchi holatda ekanligini nazorat qilish bo'yicha topshiriqlar berildi. Muhokama etilgan masalalardan kelib chiqqan holda kelgusida amalga oshirilish zarur bo'lgan vazifalar yuzasidan o'zaro kelishib olindi.
IIV Axborot xizmati