Yangi qarorning ustuvor ahamiyatiga bagʻishlandi
IIV Akademiyasida davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-10-son qarori yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Taʼlim muassasasi rahbariyati, shaxsiy tarkib aʼzolari ishtirok etgan yigʻilishda mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi izchil islohotlar yoʻlida qabul qilingan mazkur qarorning maqsadi va mazmun-mohiyati atroflicha sharhlandi.
Aytish joizki, mazkur qaror bilan soha xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi, IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentining nizomi, shuningdek ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qamrab olgan “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Tadbirda kafedra boshligʻi, polkovnik Sirochjon Berdiqulov soʻz olib, ushbu qaror Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirish, ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish orqali tizimning xalqchil faoliyatini taʼminlash, jamiyatda qonun ustuvorligi va tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, yangi kodeksda belgilangan qoida va talablarga amal qilish ichki ishlar organlari har bir xodimining xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezoni hisoblanadi. Ushbu qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qoʻpol ravishda buzish esa xodimni tizimdan boʻshatishgacha boʻlgan intizomiy jazo chorasini qoʻllash uchun asos boʻladi.
Endilikda ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish boʻyicha nomzodlarni tanlashning adolatli, xolis va shaffof tizimini yaratiladi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar “taʼlim muassasasidan – xizmatning oxiriga qadar” tamoyili asosida tizimli va uzluksiz tashkil etilib, istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimi joriy qilinadi.
Vazirlik qoshidagi akademik litseylar bitiruvchilari uchun IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim bakalavriatining “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “tezkor-qidiruv faoliyati” yoʻnalishlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish imkoniyati yaratiladi. Bunda hududiy ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda 200 nafargacha qoʻshimcha qabul kvotasi tashkil etiladi. Shuningdek Akademiyada ichki ishlar organlari taʼlim va oʻquv muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.
Yigʻilishda yuqoridagi qarorning barcha muhim jihatlari shaxsiy tarkibga yetkazildi. Xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati