Yaroqsiz goʻsht aniqlab olindi
2022-yil 27-oktyabr kuni soat 21.30 larda “Kitob-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanib kelgan, “Nexia-2” rusumli avtomashina Kitob tuman hududida joylashgan “Mingchinor” muntazam YPX maskanida toʻxtatildi.
Haydovchi Shahrisabz shahrida yashovchi H. D. boshqaruvidagi “Nexia-2” rusumli avtomashina saloni va yukxonasi viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi boshqarmasi jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va Karantin boʻlinmasi xodimlari tomonidan koʻzdan kechirilganda, tegishli veterinariya maʼlumotnomalarisiz, 250 kilogramm ogʻirlikdagi yirik shoxli qora mol goʻshti borligi maʼlum boʻldi.
Goʻsht mahsulotlari Qashqadaryo viloyati hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasida tekshirib koʻrilganda, isteʼmolga yaroqsizligi maʼlum boʻldi.
Goʻsht mahsulotlari isteʼmolga yaroqsizligi bois tegishli tartibda yoʻq qilindi.
Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati