Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya xizmati faoliyati haqida
Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan oktyabr oyi Probatsiya oyligi deb eʼlon qilindi. Oylik doirasida Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi xodimlari tomonidan nazoratda turuvchi shaxslarning ish va yashash joylarida bo‘lishi, ular tomonidan cheklov va taqiqlarga rioya qilinishi hamda sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarga amal qilinishi tekshirildi.
Shuningdek, Probatsiya nazorati ostidagi shaxslar ishtirokida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Yashnobod tumani IIO FMBning majlislar zalida jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining sudyasi U.Xanayev raisligida o‘tkazilgan majlisda tuman prokuraturasi vakillari, Toshkent shahar IIBB va tuman Probatsiya bo‘limi masʼul xodimlari hamda 137 nafar mahkumlar ishtirok etdi. Sayyor sud davomida, tuman Probatsiya bo‘limi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudiga kiritilgan 21 nafar shaxsning taqdimnomasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan, jazo o‘tash davrida ahloqan tuzalish yo‘liga kirgan, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, sodir etgan jinoyatidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan 18 nafar mahkum muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Shuningdek, jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan, sud tomonidan yuklatilgan cheklov va taqiqlarga rioya qilmasdan, jazo o‘tash tartib-qoidalarini bir necha bor qayta-qayta buzgan 3 nafar mahkumlarning jazosi, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Tadbir yakunida, mahkumlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazib, jazoni o‘tash qoidalari buzilgan holatda qonunchilikda qanday choralar ko‘zda tutilganini tushuntirishdi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati