18 May 2022 661

Yer maydonlarini 50 ming AQSH dollariga sotayotganlar ushlandi

2022-yil 17-may kuni fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi IIVga ariza bilan murojaat qilib, u oʻz arizasida tadbirkorlik qilish maqsadida internet tarmoqlaridan yer maydonlarini koʻrib yurganida, oʻziga notanish boʻlgan makler muqaddam Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani kadastr agentligida ishlagan shaxs bilan tanishtirganligini, uning Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Chimboylik” MFY hududida bogʻdorchilikka ixtisoslashgan dehqon xoʻjaligini yuritish uchun moʻljallangan 1,32 gektar yer maydoni borligini, ushbu yer maydonlari 3 nafar fuqarolar nomlariga rasmiylashtirib qoʻyilganligini, yer maydonining har biri 0,44 gektardan jami 1,32 gektar boʻlib, ularni 50.000 AQSH dollariga sotishlarini, keyinchalik yer maydoniga qurilish uchun hujjatlarni kadastr xodimlari orqali 12.000 AQSH dollari evaziga rasmiylashtirishga yordam berishlarini aytganliklarini maʼlum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni Vazirlik JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlimi, Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti, DXX hamda Bosh prokuratura xodimlari hamkorligida Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Humo arena” muz saroyi avtoturargohida oʻtkazilgan tadbir davomida, 3 nafar gumonlanuvchi fuqarolar ariza muallifidan talab qilingan 62.000 AQSH dollaridan 50.000 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish boʻlimi

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага