22 May 2022 248

Yo‘l harakati xavfsizligi – inson hayotini asrashning muhim garovi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bir kunda 3 mingdan ortiq odam yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘ladi. Shu bois, yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash bugun bir mintaqa yoki hudud emas, butun sayyoramiz miqyosida global muammoga aylanmoqda.

So‘nggi yillarda respublikamiz yo‘llarida ham inson hayoti va sog‘ligiga jiddiy xavf solayotgan hodisalar soni sezilarli ko‘paydi. Birgina, o‘tgan yilning o‘zida 10 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisasi qayd etilib, ularning aksariyati tezlikni oshirish, harakat qoidalariga rioya qilmaslik, piyodalar o‘tish joyining yetishmasligi oqibatida ro‘y bergani maʼlum bo‘lgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 11 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur sohadagi muammolar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlariga yechimini kutayotgan masalalarni hal etish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi. Shuningdek davlatimiz rahbarining “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, amaliyotga bir qator yangiliklar joriy etildi.

20 may kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashda innovatsion yondashuvlar” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Transport, Ichki ishlar hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklari vakillari, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mutasaddilari, shuningdek Respublika sud ekspertizasi markazi, Toshkent davlat transport universiteti, “Transkasb” korxonalar uyushmasi hamda boshqa muassasalardan mutaxassislar, ekspert va olimlar ishtirok etdi.

Taʼlim maskani rahbari Rustam Xatamov so‘z olib, ilmiy-amaliy anjumanning maqsadi, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, sohani takomillashtirish istiqbollari haqida to‘xtaldi.

– Muhtaram Prezidentimizning ushbu muammoga alohida eʼtibor qaratganlari bejiz emas. Chunki yo‘llarda sodir bo‘layotgan har bir ko‘ngilsiz hodisa zamirida, eng avvalo, inson taqdiri, uning hayoti va sog‘ligi turibdi. Mamlakatimizda avtotransport vositalari sonining yil sayin oshib borayotgani natijasida yo‘l-transport hodisalari miqdorining keskin ko‘paygani mazkur sohani kompleks isloh etish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida tizimni tubdan isloh etishning ustuvor yo‘nalishlari, xususan, yo‘l harakati ishtirokchilarining masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish, avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilab berildi. Shuningdek avtomaktablarning innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, o‘qituvchilar, haydovchi-yo‘riqchi va murabbiylarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish ishlari Ichki ishlar vazirligi akademiyasi zimmasiga yuklatildi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada dolzarb mavzu atroflicha muhokama qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farhodbek Ashmatov, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jamshid Karimov, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Hasan Mahmudov, Respublika sud ekspertizasi markazi direktori Akram Xalilov, Toshkent davlat transport universiteti prorektori Said Shoumarov, IIV Akademiyasi Avtomobil tayyorgarligi kafedrasi boshlig‘i Saydulla Kalauovning maʼruzalari tinglandi. Soha vakillari tomonidan yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavfsiz shart-sharoitlarni yaratish, avtomaktablar faoliyatini sifat jihatdan yaxshilash, yo‘l harakatini tashkil etishni to‘liq raqamlashtirish, amaldagi qonunchilikka yangiliklar kiritish, yo‘llarda harakatlanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan kompleks profilaktik choralarni kuchaytirish borasida takliflar bildirildi.

Konferensiya ishi kunning ikkinchi yarmida shoʻbalarga bo‘lingan holda davom ettirildi. Shuningdek tadbir ishtirokchilari uchun yo‘l harakati xavfsizligi tizimida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va maxsus uskunalar ko‘rgazmasi tashkil qilinib, targ‘ibot materiallari namoyish qilindi. Anjuman doirasida ishlab chiqilgan taklif-tavsiyalar, ilmiy asoslantirilgan innovatsion yondashuvlar sohadagi muammolarni yechimiga xizmat qiladi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага