6 Yanvar 2023 350

Yosh avlod himoyachisi

Viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boshqarmasida tajribali, kasbiy mahorati hamda insoniy fazilatlari bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan ayol xodimalar anchagina. Ular orasida sportchilar, turli koʻrik-tanlovlar gʻoliblari bor.

Buxoro tumani IIB HPB Voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog, leytenant Zarnigor Savriddinova shulardan biri.

Zarnigorxon jamoamiz aʼzosi boʻlib qolgan desak ham boʻladi, - deydi 30-maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Laylo Sharipova. - U bilan doimo hamkorlikda ish olib boryapmiz.

Darslarni koʻp qoldirayotgan oʻquvchilar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratilib, ota-onalar bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazganligimiz bois davomat ham yaxshilandi. Bundan tashqari, ikki nafar profilaktik hisobda turuvchi oʻquvchi bilan muntazam ravishda olib borilgan profilaktik ishlar natijasida ularning xulqi, yurish-turishi oʻzgardi. Shuning uchun ular yaqinda komissiya xulosasiga asosan, profilaktik hisobdan chiqarildi.

Haqiqatan ham, leytenant Zarnigor Savriddinova talabchanligi bois koʻpchilikning mehrini qozonib, hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlyapti. Hali xizmat faoliyatiga bir yil toʻlmasdan, koʻplab yutuqlarga erishmoqda.

Xususan, ayol xodimalar oʻrtasida oʻtkazilgan shaxmat-shashka musobaqasida faxrli oʻrinni egalladi. Yana el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi fidokorona xizmatlari, tuman hududida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi samarali xizmati tufayli faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Zarnigor 1992-yili Buxoro tumanining «Kunjiqalʼa» mahallasi Nometan qishlogʻida dehqon oilasida dunyoga keldi. Buxoro shahridagi Olimpiya zaxiralari sport kollejini tamomlab, maʼlum muddat tumandagi 16-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi boʻlib ishladi.

Keyin Buxoro davlat universitetining pedagogika va psixologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Sirtdan oʻqish bilan birga, bogʻchada metodist-psixolog vazifasida faoliyat koʻrsatdi.

Universitetni tugatgach, ichki ishlar organlariga hujjat topshirib, sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdi.

Xizmatga qabul qilinganimdan soʻng tuman IIB boshligʻining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Odil Umurov menga murabbiy etib biriktirildi. U kishidan sohaning sir-asrorlarini, fuqarolar bilan muomala madaniyatini oʻrgandim.

Oʻrganganlarim oʻzimda qatʼiyat, shijoat va talabchanlik xislatlarini shakllantirishimda bosh omil boʻldi, - deydi leytenant 3.Savriddinova.

Qahramonimiz hududdagi toʻrtta maktabning 2746 nafar oʻquvchisi bilan ishlayotganligi bois oilalardagi sharoitni oʻrganib, yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Shu saʼy-harakatlari tufayli voyaga yetmagan yoshlar tomonidan jinoyat hamda huquqbuzarlik holatlari sodir etilmadi. Ayni paytda 10 nafar voyaga yetmagan profilaktik hisobda turadi. Zarnigor ular bilan manzilli ishlar olib bormoqda. Ota-onalar, oʻqituvchi va biriktirilgan murabbiylar bilan doimiy suhbatlar oʻtkazadi.

Boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun oʻquvchilar sport hamda fan toʻgaraklariga jalb qilingan.

Yoshlik - joʻshqinlik fasli, kelajak uchun tamal toshi qoʻyadigan palla. Uning har daqiqasidan unumli foydalanish lozim. Buni yaxshi anglagan yosh avlod himoyachisi leytenant 3.Savriddinova shirindan-shakar qizi Aminabegimning ham har tomonlama yetuk, komil inson boʻlib voyaga yetishini taʼminlamoqda.

Mirzoqul Ahadov, “Postda” muxbiri. Buxoro viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага