10 Sentabr 2022 329

Yoshlar bilan ochiq muloqot

Muhtaram Prezidentimiz mustaqillik bayramining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda “Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz”, deya alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Darhaqiqat, yurtimiz yoshlariga eʼtibor va gʻamxoʻrlik bugun har qachongidan ham ustuvor vazifaga aylangan. Kelajagimiz vorislarining oʻqib-izlanishi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallashi, jamiyatning faol aʼzosi sifatida mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Zero, ular ertangi kunimiz poydevori, orzu-umidlarimiz davomchilaridir.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida boʻlib oʻtgan uchrashuv yoshlar taʼlim-tarbiyasi yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga bagʻishlandi. Ochiq muloqotda Akademiya rahbari, polkovnik Rustam Xatamov, kunduzgi taʼlimning bakalavriat yoʻnalishi birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlar, oʻquv-saf qismi ofitserlari hamda yoshlar masalalariga masʼul xodimlar ishtirok etdi.

Akademiyada oʻqishni orzu qilgan yigit-qizlar koʻp. Shular orasidan bilim salohiyati yuqori, maʼnan barkamol, jismonan baquvvat va irodasi chiniqqan yoshlar oʻqishga kirish imkoniga ega boʻladi. 

Sizlar ham kelajak maqsadingiz sari mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtdingiz. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, kursantlar safiga qabul qilindingiz. Bu masʼuliyatni chuqur his etgan holda bilim va koʻnikmalarni puxta egallashingiz kerak, – dedi oʻquv dargohi rahbari.

Muloqot davomida kursantlar oʻzlari taʼlim olayotgan maskanda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, oʻqitishning yangi mexanizmlari, ayniqsa faol va izlanuvchan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar haqida zarur maʼlumotga ega boʻlishdi. Mamlakatimiz ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi xizmat qasamyodini qabul qilgan kursantlarning bilim salohiyati, oʻz kasbiga boʻlgan ulkan sadoqati, ona Vatanimiz taqdiri uchun jonkuyarligiga bogʻliq ekani taʼkidlab oʻtildi.

Insonning shaxs sifatida shakllanishida oiladagi tarbiya, ustozlaridan olgan saboq va yuksak maʼnaviy fazilatlar mustahkam asos boʻladi. Sizlar hozirdanoq ana shu maqsad sari intilishingiz lozim. Shunda muhtaram Prezidentimizning ishonchini oqlagan boʻlasiz, – dedi Akademiya boshligʻi.

Tadbirda yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, jangovar-jismoniy tayyorgarligini oshirish borasida muhim vazifalar belgilab olindi​. Kursantlar soʻzga chiqib, yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага