17 Fevral 2022 716

Yuksak mukofot sohiblari. Hayotda shunchaki yashamaydilar

Yurt tinchligi, sarhadlar daxlsizligini taʼminlash, turli tajovuzlardan himoya qilish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bunday oʻta masʼuliyatli va sharafli ishni uddalayotgan kishilar chinakam vatanparvar insonlardir.

...Ota kasbini davom ettirishni diliga tukkan Alijon Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtida tahsil oldi. Harbiy mutaxassis diplomini qoʻlga olgach, respublikamizdagi harbiy qismlardan birida qoʻriqlash vzvodi komandirining oʻrinbosari vazifasida xizmat faoliyatini boshladi. Qatʼiy tartib-intizomni oʻzining kundalik turmush tarziga aylantirgan leytenant Alijon Shodiyev toʻrt yil ushbu harbiy qismda sidqidildan xizmat qildi.

Alijon Shodiyev keyinchalik Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qismlarda vzvod komandiri, shtab katta ofitseri, shtab boshligʻining oʻrinbosari lavozimlarida xizmat faoliyatini davom ettirdi. Bu davrda ham u oʻzining bilim va mahoratini harbiy sohani rivojlantirishga, jangovar salohiyatini yuksaltirishga sarfladi.

Xizmatda ijobiy yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan mayor Alijon Shodiyevga yanada masʼuliyatliroq vazifa topshirildi. U avval IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli Termiz, soʻngra esa Nukus alohida batalyonida rahbarlik lavozimlarida samarali xizmat qildi. Xalqaro aeroportlarni qoʻriqlash, obyektlarda jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlashdek muhim vazifalarni amalga oshirishga munosib hissa qoʻshdi.

Ayni kunda podpolkovnik Alijon Shodiyev Urganch xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash alohida batalyoniga komandirlik qilmoqda. Bu yerda harbiy xizmatchilarni tarbiyalash, ular qalbiga vatanparvarlik tuygʻusini singdirish barobarida, xizmat intizomi va qonuniylik talablariga rioya etish, xodimlar bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldini olishni gʻoyat muhim vazifa sifatida doimiy nazorat qilib bormoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, xizmatini munosib ragʻbatlantirish, siyosiy-huquqiy bilimini oshirish masalalariga ham katta eʼtibor qaratilyapti. Bu kabi saʼy-harakatlar natijasida shaxsiy tarkib tomonidan xizmat intizomini buzish holatlari qayd etilmayapti.

— Yurt tinchligini taʼminlashdek sharafli kasb egasi hayotda shunchaki yashamaydi, deydi batalyon komandirining oʻrinbosari, mayor Jurʼat Otajonov. U oʻtayotgan har bir kunidan samarali foydalanishga, ijobiy natijalarni qoʻlga kiritishga intiladi. Hayotda Vatanni himoya qilish, uni koʻz qorachigʻidek asrash naqadar muqaddas ekanligini dildan his qiladi. Oʻziga xos tajriba va malakaga ega boʻlgan podpolkovnik Alijon Shodiyev ham, mana, 21 yildirki, ana shunday ezgu maqsadlar bilan yashayapti, xizmat qilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash, xizmatdagi fidoyiligi uchun IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari Urganch alohida batalyoni komandiri, podpolkovnik Alijon Shodiyev Prezidentimiz farmoniga koʻra, “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.

— Osoyishtalikni taʼminlash har bir fuqaroning sharafli burchidir, — deydi podpolkovnik Alijon Shodiyev. Zimmamga ana shunday gʻoyat masʼuliyatli vazifa yuklatilgan ekan, uni sharaf bilan bajarishga, xalqimni har qanday jinoiy tajovuzlardan himoya qilishga doim tayyorman va bu yoʻlda bor kuchimni, mahoratimni sarflayman. Shunday eʼtirofga loyiq koʻrgani uchun Yurtboshimizdan, vazirlik rahbariyatidan minnatdorman.

Qalbida Vatan mehri joʻsh urgan, oʻzini shu osuda zaminning munosib farzandi deb bilgan lavhamiz qahramonini davlatimizning yuksak mukofoti bilan qutlaymiz.

Xudoybergan JABBOROV, “Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага