13 Sentabr 2021 3985

Zamonamiz qahramoni

Bugun el osoyishtaligini ta'minlashni maqsad qilgan vatanparvar o'g'lonlar safi kundan-kunga kengayib bormoqda.

Ona Vatanimizning ana shunday mard va jasur farzandlaridan biri Namangan viloyati IIB Yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari, podpolkovnik Shavkat Sodiqovdir.

Qahramonimiz 1971 yilda Namangan shahrida tavallud topgan. O'rta maktabni bitirganidan so'ng Toshkent avtomobil` yo'llari institutini muvaffaqiyatli tamomladi.

U ichki ishlar organlari sohasidagi ilk faoliyatini viloyat IIB Yong'in xavfsizligi bo'limi inspektori lavozimida boshlagan.

Keyinchalik viloyat IIB shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati inspektori, katta inspektori, Patrul`-post xizmati batal`on komandirining shaxsiy tarkib bilan ishlash bo'yicha o'rinbosari, Norin tumani IIB boshlig'ining shaxsiy tarkib bilan ishlash bo'yicha o'rinbosari, viloyat «Dinamo» JTSJ boshlig'i, viloyat IIB Yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi shaxsiy tarkib bilan ishlash va jamoatchilik bilan aloqa bog'lash bo'linmasi boshlig'i, YPX otryadi komandirining kadrlar bilan ishlash bo'yicha o'rinbosari, qidiruv-surishtiruv bo'linmasi boshlig'i lavozimlarida samarali xizmat qildi.

Hozirda esa viloyat IIB YHXB boshlig'ining o'rinbosari lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda.

U qaerda, qaysi lavozimda ishlamasin, avvalo, har bir muvaffaqiyatning zamirini betinim mehnat va izlanishda, kasbga mas'uliyat bilan yondashishda, deb bildi. Jonkuyar qahramonimiz har tong ishga oshiqadigan, o'z sohasiga mehr qo'ygan xodimlardan.

Odatdagi kunlarning biri, u har kungidek ishga ketayotgan payt edi. Soat taxminan 08:00larda Yangi Namangan tumanida yashovchi o'rta yoshli ayol o'z joniga qasd qilish maqsadida Shimoliy Farg'ona kanalining Namangan shahar Kosonsoy tumani ko'chasi oldidan o'tgan qismiga o'zini tashlagan. Sh.Sodiqov hech narsani o'ylamay, o'z jonini xatarga qo'yib, ayolni suvdan tashqariga olib chiqqan.

Qahramonimizning sa'y-harakatlari natijasida nafas yo'llari suv bilan to'lgan ayolga birinchi tibbiy yordam ko'rsatilib, uning hayoti saqlab qolindi. Insoniylik burchiga sodiq qolgan osoyishtalik posboni ana shundan so'nggina ko'ngli taskin topib, sevimli ishi tomon yo'l oldi...

Ha, bugun osoyishta zaminda farovon hayot kechiryapmiz. Tinchlik zamirida esa yurt o'g'lonlarining matonatga to'la xizmati borligini e'tirof etmog'imiz lozim.

Zero, Shavkat Sodiqov kabi mard, jasur xalqiga qalqon bo'lguvchi osoyishtalik posbonlari bor ekan, O'zbekistonimizning osmoni musaffo bo'lib, taraqqiyot sari yuz tutaveradi.

el-yurt tinchligini ta'minlash yo'lida qilingan fidoyi xizmat doimo munosib e'tirofini topadi.

Podpolkovnik Shavkat Sodiqovning ham ona Vatan oldidagi xizmatlari munosib baholandi: u mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan, «Mardlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Feruza Otaxonova, «Postda» muxbiri. Namangan viloyati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага