1 Mart 2021 456

BAA bosh axborot agentligi O'zbekiston ichki ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu mamlakatga tashrifi yakunlari haqida maqola chop etdi

ABU-DABI, 1 mart. /«Dunyo» AA/. Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bosh axborot agentligi - «Emirates News Agency»da «O'zbekiston ichki ishlar vaziri: jinoyatchilikka qarshi kurash bo'yicha O'zbekiston-BAA hamkorligi jadal rivojlanmoqda» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur agentlik muxbirlari Ibrohim Shukralla va  Bensal Abdulqodir hammuallifligidagi maqolada O'zbekiston ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonovning Birlashgan Arab Amirliklariga amaliy tashrifi yakunlari haqida hikoya qilingan.

 Materialda ta'kidlanishicha, O'zbekiston vaziri o'tgan hafta Abu Dabiga tashrifi chog'ida BAA Bosh vaziri o'rinbosari, ichki ishlar vaziri general-leytenant Shayx Sayf bin Zoid Ol Naxayon bilan uchrashgan. O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi, shuningdek, Abu Dabi Milliy ko'rgazma markazi (ADNEC)da bo'lib o'tgan «IDEX-2021» Xalqaro mudofaa ko'rgazmasi va konferentsiyasida ishtirok etgan.

P.Bobojonov xalqaro ko'rgazmada namoyish etilgan zamonaviy tenika va mahsulotlar O'zbekiston delegatsiyasi a'zolarida katta taassurot qoldirganini ta'kidlagan. «Ko'rgazmada namoyish etilgan eksponatlar bizga ma'qul keldi. Ayni paytda BAAning qator kompaniyalari mahsulotlarini o'rganyapmiz», deb qayd etgan vazir.

«Yangi ko'rinishdagi jinoyat turlari huquqni muhofaza qilish idoralari zimmasiga yanada katta mas'uliyat yuklamoqda va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantrishga undamoqda, - deb fikr bildirgan P.Bobojonov agentlik jurnalistlariga. - Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va boshqa raqamli platformalardan foydalanish tobora ko'payib borayotgani tabiiy. Shu bilan birga, bunday imkoniyatlar har xil turdagi kiberjinoyatlar sonining ko'payishiga olib kelmoqda. Hech bir davlat ushbu turdagi jinoyatlar bilan mustaqil ravishda kurasha olmaydi».

Mualliflarning fikricha, barcha mamlakatlar bunday jinoyatlarga qarshi birgalikda kurashishi kerak. Doimiy hamkorlikni yo'lga qo'yish va bunday turdagi jinoyatlarni, ayniqsa, kiberjinoyatchilikni aniqlash va oldini olish bo'yicha tajriba almashish har bir davlatga foyda keltiradi.

P.Bobojonovning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston va BAA o'rtasidagi jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha hamkorlik, ayniqsa, O'zbekiston Prezidentining 2019 yil mart oyidagi BAAga rasmiy tashrifi chog'ida imzolangan kelishuvlar asosida jadal rivojlanib bormoqda.

«Tashrif davomida o'tkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar yakunlari o'zaro hamkorlikning qator istiqbolli yo'nalishlar mavjudligini ko'rsatdi, O'zbekiston va  BAA vakillari doimiy muloqotni ta'minlash va hamkorlikni yanada rivojlantirish to'g'risida kelishib oldi», deb xulosa qiladi agentlik jurnalistlari.

"Dunyo" Axborot agentligi

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага