29 Oktabr 2020 585

Buxoroda "Kontakt qo'shing va yutuqlardan biriga ega bo'ling" sarlavhali internet o'g'irligi fosh etildi

2020 yilning 13 oktyabr` kuni tuman G'ijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga tumanning "Buktaroy" mahallasi Bobog'ozi qishlog'ida yashovchi, 2000 yilda tug'ilgan Navoiy Davlat Pedagogika instituti 2-bosqich talabasi G.S ariza bilan murojaat qilib, arizasida noma'lum shaxs  2020 yil 11 oktyabr` kuni soat 19:30 larda uning “Telegram” ijtimoiy tarmog'idagi shaxsiy sahifasini,  "HAMKOR BANK" nomli guruhga qo'shib, ushbu guruhda "Kontakt qo'shing va  yutuqlardan biriga ega bo'ling" aktsiyasida ishtirok etishni, uyali aloqa telefonidagi kontaktlarni mazkur guruhga qo'shib, yutuqlardan biriga ega bo'lishi mumkinligini, yutuqlar va vaqt chegaralanganligini bildirgan.

Shundan so'ng jabrlanuvchi G.S telefon kontaktlarini mazkur guruhga qo'shganidan so'ng va'da qilingan yutuqlardan biriga ega bo'lish uchun, guruh administratorining shaxsiy sahifasiga o'zining plastik kartasini rasmga tushirib tashlab bergan.

Natijada noma'lum shaxs tomonidan g.S plastik kartasi hisobida bo'lgan 2.793.900 so'm pullarini echib olib, unga moddiy zarar etkazgan holda ijtimoiy tarmoq orqali o'g'irlik jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan G'ijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo'limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o'g'irlik) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni Farg'ona viloyati Qo'qon shahri Chashma ko'chasida istiqomat qiluvchi 2002 yilda tug'ilgan Sh.N. sodir qilganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olingan. 

Hozirgi kunda Sh.N.ga nisbatan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu o'rinda fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlar orqali e'lon qilinayotgan yutuqli o'yinlar, turli xildagi aktsiyalar, elektron savdolar va shunga o'xshash bir qator firibgarlik va o'g'rilik holatlariga duchor bo'lmasliklari uchun o'zlarining sir saqlanishi lozim bo'lgan plastik kartalari raqamlarini oshkor qilmasliklari, birovga rasmga tushirib bermasliklari yoki og'zaki tarzda ma'lum qilmasliklarini so'rab qolar edik.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага