21 Oktabr 2020 69

Jizzax viloyatida paxta payhoni bo'yicha qator huquqbuzarliklar aniqlanmoqda

Viloyatda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan paxta maydonlarini payhon qilish bilan bog'liq qonunbuzarliklarni aniqlash va oldini oldini olish choralari ko'rilmoqda. Jumladan, Sharof Rashidov tumani "Bo'ston" mahallasida yashovchi, 1970 yilda tug'ilgan S.Q.ga tegishli 8 bosh qoramol Alisher Navoiy nomidagi suv iste'molchilari uyushmasi tarkibidagi fermer xo'jaligining 8 sotix maydonini payhon qilganligi aniqlandi. Etkazilgan zarar 445 ming so'mni tashkil etgan.   

Shu tumanning "Xovostlik" mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug'ilgan O.J.ning 2 bosh qoramoli esa Zarafshon suv iste'molchilar uyushmasi hududida 3 sotix paxta maydonini oyoq osti qilgan. Fermer 245 ming so'm zarar ko'rgan. Xuddi shunday, Zarbdor tumani “Sharq yulduzi” qishloq fuqarolar yig'inida yashovchi, 1980 yilda tug'ilgan J.e.ga tegishli 3 bosh qoramol “Sharq yulduzi” suv iste'molchilar uyushmasida 8 sotix paxta maydonini payhon qilganligi ma'lum bo'ldi. Mazkur holatda etkazilgan zarar miqdori 740 ming so'm ekanligi bildirilmoqda.

Shuningdek, Paxtakor tumanidagi Chamanzor qishloq fuqarolar yig'inida yashovchi, 1980 yilda tug'ilgan Y.X.ga tegishli 140 bosh qo'y Navbahor suv iste'molchilar uyushmasi tarkibidagi fermer xo'jaligi dalasidagi 1 gektar erni payhon qilgan. Zarar 780 ming so'mni tashkil etdi. Ushbu holatlar yuzasidan hududiy ichki ishlar bo'limlari tomonidan surishtiruv harakatlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga mazkur yo'nalishda soha vakillari tomonidan aholi o'rtasida targ'ibot tadbirlari muntazam uyushtirilmoqda.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага