25 Sentabr 2020 700

Minnatdorlik maktubi

Yurtimizda barcha sohalarda bo'lgani kabi sud-huquq tizimida ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bulardan ko'zlangan asosiy maqsad inson huquqlarini ta'minlash, xalqni rozi qilishdan iborat.

Bu borada IIV JIeBB tizimlarida ham keng ko'lamli ishlar qilindi. Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning haq huquqlarini ta'minlash borasidagi ishlar o'z samarasini beryapti.

Toshkent viloyati IIBB P va JIeB 50-son manzil-koloniyada jazo muddatini o'tayotgan J. Mamajonovning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yo'llagan minnatdorlik maktubi ham bunga yaqqol misol bo'la oladi.

Mazkur murojaat muallifi jazoni ijro etish tizimidagi islohotlar, koloniyalarda jazo muddatini o'tayotgan shaxslar huquq va manfaatlarini amalda ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapirar ekan, mahkumlarning huquqlari to'la ta'minlanayotganini, turli soha vakillari, malakali mutaxassislar kelib u erdagi sharoitlarni o'rganayotganini aytadi.

Jumladan, yuqori turuvchi organ rahbarlari tashrif buyurib, mahkumlar bilan suhbat o'tkazishayotgani, muammolari bor yo'qligi bilan qiziqayotganini ta'kidlaydi.

Kezi kelganda aytish joizki, ba'zan ijtimoiy tarmoqlarda bilib-bilmay asossiz ma'lumotlar tarqalish holatlari ko'zga tashlanib turibdi. Bu kabi asoslantirilmagan, aniq manbaalardan olingan ma'lumotlarga tayanilmasdan tayyorlangan materiallar keng jamoatchilikning fikrini salbiy tomonga o'zgartirib yuborishi ham mumkin.

Biror bir soha yuzasidan aniq ma'lumotlar, dalil va isbot bo'lmasa xabar tarqatmaslik, ig'vogarlar tomonidan tarqatilgan xabarlarga esa umuman ishonmaslik kerakligi bot-bot ta'kidlanadi. Yuqoridagi murojaat muallifi o'z maktubida shu kabi fikr va mulohazalarga to'xtalar ekan, mamlakatimizda inson huquqlari himoyasi yo'lida olib borilayotgan islohotlardan mamnun ekanini bildiradi. Xususan, o'zi jazo muddatini o'tayotgan 50-son manzil koloniya misolida, shart-sharoitlar yaxshi ekanini bildirib o'tgan.

Shuningdek, bu erda ish bilan ta'minlangani, mehnati evaziga maosh olib, betob onasining dori-darmonlari uchun har oyda uyiga pul yuborib, ko'maklashayotganini aytadi.

Shu o'rinda alohida ta'kidlab o'tish joizki, qandaydir g'araz maqsadni ko'zlagan kimsa biror shaxsga yoki sohaga tosh otish, ig'vo tarqatish orqali jamoatchilikni unga qarshi qilishga urinishi mumkin. Unday kimsalar qilmishlariga yarasha javob berishlari turgan gap. Ammo mish-mishlarga ishonib, ijtimoiy tarmoqlarda salbiy fikr bildirayotganlar shuncha sa'y-harakatni chippakka chiqarishga urinishlari to'g'ri bo'lmaydi.

 «Vaqt-Vremya» gazetasi ijodiy jamoasi

IIV JIeBB Axborot xizmati

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага