28 Noyabr 2020 213

Muvofiqlashtiruvchi kengashning yig'ilishi bo'lib o'tdi

Davlatimiz rahbarining 31.10.2018 yildagi “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5566 sonli Farmoniga asosan jinoiy - huquqiy statistikani yuritish vazifasi prokuratura organlariga o'tkazilib, ushbu islohot bugungi kunda o'zining ijobiy natijasi va samarasini bermoqda.

Ma'lumki, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatni samarali tashkil etishda kriminogen vaziyat haqida aniq ma'lumotlarga ega bo'lish hamda ushbu ma'lumotlarni tizimli tahlil etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada faoliyatga axborot texnologiyalari joriy etilib, qog'ozda ish yuritish amaliyotidan voz kechildi, hisob-qayd etish intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat faoliyati tergov ustidan nazorat bilan uyg'unlikda olib borilmoqda.

endilikda, mas'ul xodimlar xizmat xonasidan chiqmay turib, ro'yxatga olingan jinoyatlarni, ushlangan shaxslarni, protsessual majburlov choralarining qo'llanilishini, tergov muddati tugagan jinoyat ishlarini, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va boshqa bir qator jihatlarni onlayn ko'rib turish va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Bundan tashqari, elektron tizimda jinoyat haqidagi ariza, xabar va boshqa ma'lumotlarni elektron ro'yxatga olish va ko'rib chiqish natijalarining hisobini yuritishga mo'ljallangan dastur ham yaratilib, amaliyotga joriy etildi.

Bugun Bosh prokuraturada jinoiy-huquqiy statistika sohasida yuritilgan hisobotlarning haqqoniyligi hamda bu boradagi prokuror nazorati ahvolini o'rganish natijalari muhokamasiga bag'ishlangan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning navbatdagi muvofiqlashtiruvchi Kengashining yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo'mitasi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Byuro vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida jinoiy-huquqiy statistika sohasidagi hisobotlar, ularni shakllantirishdagi hamda jinoyatchilikka qarshi kurash, tergov sohasidagi kamchiliklar ko'rsatib o'tilib, kelgusida bunday holatlarga yo'l qo'ymaslik yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berildi.

Yig'ilish yakuni bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar muvofiqlashtiruvchi Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Bosh prokuratura

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага