8 Mart 2021 92

Nuroniylar hamisha e'zozda

Yurtimiz ayollari jamiyatning doimiy e'tiborida. Bayram munosabati bilan nuroniy onaxonlar holidan xabar olinib, ularga mehr-muruvvat va g'amxo'rlik ko'rsatilmoqda. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi xodimlari tizimda uzoq yillar samarali xizmat qilgan marhum ustozlar xonadonida bo'lishdi. 

Xonazimxon aya turmush o'rtog'i, marhum general-mayor G'ofurjon Rahimov bilan oltmish yildan ortiq umrguzaronlik qilib, uch o'g'il va ikki qizni voyaga etkazishdi. Bugun ular jamiyatimizning turli sohalarida faoliyat yuritib, otalarining ibratli amallarini davom ettirishmoqda. Nevara-yu, evaralar davrasida keksalik gashtini surayotgan Xonazimxon aya yurtimiz ayollariga ko'rsatilayotgan yuksak e'zozdan juda mamnun.   

Muhtaram Prezidentimizning xotin-qizlarga yo'llagan bayram tilaklarini oila a'zolarimiz bilan birgalikda tingladik, – deydi tabarruk onaxon. – “Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, aziz Vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g'ayrat manbaisiz”, deya barchamizni ko'kka ko'tardilar. Chindan ham, ayollari yuksak qadr topgan jannatmakon yurtda yashayapmiz. Yoshi ulug'larga g'amxo'rlik qilish, ayollarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ayniqsa qizlarimiz uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar azaliy qadriyatlarimizning barhayotligidan nishonadir. 

Xayrli tadbir bahonasida Xonazimxon ayaga bayram sovg'alari topshirildi. ezgu tilaklar dildan qurilgan samimiy suhbatga ulanib ketdi. Akademiya vakillari shu kuni poytaxtimizning Mirobod tumanida istiqomat qilayotgan Gulsara aya Jalilovani ham muborakbod etishdi. Ichki ishlar tizimida uzoq yillar sabot va matonat bilan xizmat qilib, kasbdoshlari, shogirdlari mehrini qozongan ustoz Tojiddin Jalilovning yorqin xotirasi, insoniylik fazilatlari yodga olindi. 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага