16 Noyabr 2020 191

O'zbekiston xavfsiz mamlakat sifatida nufuzini yanada mustahkamlamoqda

Kuni kecha yana bir xushxabar eshitdik. Butunjahon qonun va tartib indeksiga ko'ra, O'zbekiston dunyoning eng xavfsiz to'qqiz mamlakati safidan o'rin oldi. Bu borada kuchli o'nlikka kirdi. Albatta, barchamiz uchun faxrli bu ko'rsatkichga o'z-o'zidan yoki tasodifan erishilmadi – zamirida Prezidentimiz boshchiligida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar ohangi bor.

Umumiy yutug'imizdan ruhlanib, bugun yurtimizda xavfsiz turizmni rivojlantirish tamoyillari, yangicha tartib-qoidalar samaradorligi haqida gapirmoqchimiz. Gap shu haqda ketar ekan, avvalo, O'zbekiston yaqin-yiroq davlatlar, barcha xalqlar uchun ochiqlik siyosati yo'liga o'tgani, inson manfaatlari hamma narsadan ustun etib belgilangani, tinchlik va xavfsizlikni saqlash asosiy maqsadimiz ekanini ta'kidlash o'rinli. Shu ma'noda bugungi islohotlarimiz milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik muhitini ta'minlash uchun muhim poydevor bo'ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko'paytirish, ularga qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish maqsadida Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari, Toshkent shahri ichki ishlar tuzilmalarida xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmalari tashkil etildi.

Xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalariga tanlov asosida bir nechta xorijiy tillarda erkin so'zlasha oladigan, kasbiy jihatidan etuk hamda yuksak muomala madaniyatiga ega xodimlar jalb qilindi. Ularning asosiy vazifalari sifatida, eng avvalo, turizm ob'ektlarida jamoat tartibini saqlash, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahalliy va xorijiy sayyohlarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, ularning hayoti, sog'lig'i va mol-mulkini turli jinoiy tajovuzlardan himoya qilish, tezkor va sifatli yordam ko'rsatish belgilangan.

Bundan tashqari, ushbu bo'linmalar xodimlari mamlakatimizga xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan rasmiy delegatsiya vakillarini kutib olish, tashrif chog'ida ularning xavfsizligini ta'minlash va kuzatish kabi muhim vazifalarni ham bajarib kelmoqda.

Yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun boshqarmalar zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan, alohida belgilar va logotiplar bilan ajralib turuvchi avtobus, engil xizmat avtomashinalari, patrullik xizmatini olib borish uchun mototsikl, skuter, segvey, planshetlar bilan ta'minlangan, shuningdek, xodimlarning o'ziga xos imijini yuksaltirish uchun ekipirovka va tashqi ko'rinishiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Vazirlik xavfsiz turizmni ta'minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan mutaxassis dizaynerlar bilan birga, zamon talablariga mos, tunu kun jamoat joylarida xizmat olib borish uchun har tomonlama qulay, soha xodimlariga yangi xizmat kiyimi ishlab chiqilib, Toshkent shahri va Toshkent viloyat IIBB hamda Samarqand viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmalariga sinov tariqasida tarqatib berilib, aholi va xodimlarning fikrlari o'rganib chiqilmoqda.

Bugungi kunda xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalari faoliyatiga yanada yangi texnika vositalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Masalan, Toshkent viloyatining ekoturizm imkoniyatlaridan kelib chiqib, kelgusida gidrotsikl va katerlar xarid qilish nazarda tutilgan.

Xalqchil sa'y-harakatlarimiz yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalariga kuch ishlatar tizim sifatida emas, aksincha o'zlarining xavfsizligini kafolatlovchi, hayoti, sog'lig'i, mol-mulki, sha'ni va qadr-qimmatini turli tajovuzlardan muhofaza qiluvchi, muammoli vaziyatlarda tezkor va sifatli yordam ko'rsatishga doimo tayyor himoyachisi sifatida qaramoqda. Turistlarning bu boradagi fikr va mulohazalari ijtimoiy tarmoqlarda ham o'z aksini topgan.

Ta'kidlab o'tish joizki, har qanday mamlakatning turli yo'nalishlar bo'yicha erishgan yutuqlari xalqaro reyting agentliklarining tadqiqot natijalari bo'yicha baholanadi. Bu reytinglar keyingi yillarda mamlakatimiz aksariyat sohalarda sezilarli yutuqlarga erishayotganini ko'rsatayotgani ham quvonarlidir.

Tahlillardan ma'lumki, sayyohlar, birinchi navbatda, o'zlari sayohat qilishni istagan mamlakat go'zalligiga emas, balki xavfsizlik darajasiga e'tibor qaratmoqda. Ayniqsa, tahlikali keyingi yillarda bu hol yaqqol namoyon bo'lmoqda. Shu ma'noda, O'zbekiston ishtirokida o'tkazilgan reyting natijalari sayyohlarni yurtimizning ko'hna kentlari, go'zal tabiatiga ohangrabodek xavotirsiz chorlamoqda.

Shu o'rinda ayrim xalqaro tashkilotlarning mavzuga doir o'tkazgan reyting natijalari tahliliga to'xtalishni joiz topdik.

“International SOS and Control Risks” xalqaro kompaniyasi ekspertlari 2018 yili o'tkazgan tadqiqotda O'zbekiston Markaziy Osiyodagi ishlash va sayohat qilish bo'yicha eng xavfsiz davlat sifatida qayd etildi. Shu yil boshida AQSh davlat departamenti tomonidan e'lon qilingan ma'lumotda ham mamlakatimiz sayohat qilish uchun eng xavfsiz davlatlar ro'yxatiga kiritildi. AQShning “Gallup Global” kompaniyasi Global qonun va tartib reytingida O'zbekiston 2018 yil natijalari bo'yicha 91 ball bilan sayohat qilish uchun eng xavfsiz bo'lgan davlatlar beshligiga kirdi. Bu reytingda mamlakatimiz bilan birga Singapur, Norvegiya, Islandiya va Finlyandiya etakchilik qilgan.

Jahon iqtisodiy forumi ekspertlari o'tkazgan “The travel and Tourism Competitiveness 2019” xalqaro reytingida ham O'zbekiston 5 o'rinni zabt etdi. Shu yili Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” nashri O'zbekistonni turizm yo'nalishidagi eng chiroyli va ajoyib joylar TOP-10 ro'yxatiga kiritdi hamda haqiqiy (autentik) turizm yo'nalishida 1-o'ringa loyiq ko'rdi.

Germaniyaning onlayn nashrlar orasida ommabop bo'lgan “BILD” nashri tomonidan tuzilgan 2020 yilda eng yaxshi turizm yo'nalishidagi davlatlar reytingida O'zbekiston yana birinchi o'rinda edi. Rossiyaning “Oktogo.ru” sayti o'tkazgan reytingda eng arzon turizm yo'nalishidagi shaharlar qatorida Toshkent shahri TOP-5 ro'yxatiga kiritildi.

Mamlakatimizda ziyorat turizmi ham jadal rivojlanmoqda. Fikrimizni “Crescent Rating” kompaniyasi tomonidan 2015 yildan buyon yuritiladigan “Global Muslim Travel Index”ning 2019 yilgi natijalariga ko'ra, O'zbekiston ziyorat turizm uchun eng qulay bo'lgan davlatlar ro'yxatidan joy olgani misolida ham tasdiqlash mumkin. Avstraliyaning “Lonely Planet” nashri esa O'zbekistonni sayohat davomida sarguzashtlarni qidirish uchun eng yaxshi davlatlar reytingida 2-o'ringa loyiq, deb e'tirof etdi.

Yuqorida faxr bilan aytganimiz, kuni kecha Gallup’s Amerika jamoatchilik fikrini o'rganish instituti har yili butunjahon miqyosida o'tkazilgan qonun va tartib indeksiga ko'ra, 2020 yilda O'zbekiston 92 ball bilan Norvegiya, Avstriya, Shveytsariya va BAA qatorida xavfsiz mamlakatlar o'ntaligiga kirgani tom ma'noda birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz samarasi ekanini ta'kidlash, albatta, yoqimli. Shu o'rinda aytish joizki, ushbu xalqaro institut xavfsiz mamlakatlarni baholashda fuqarolarning mahalliy huquq-tartibot organlari xodimlariga ishonchi, fuqarolarning xavfsizligi ta'minlanganini his qilish darajalari, davlat hududida tunu kun erkin va xavfsiz yurish masalalariga ham e'tibor qaratadi.

Albatta, biz bu boradagi ishlarni aniq maqsad asosida yo'lga qo'yganmiz. Jumladan, xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalari shaxsiy tarkibini jamlash masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunday bo'linmalarga, eng avvalo, chet tillarini biladigan, malakali, ko'rkam yigit-qizlar ishga qabul qilinyapti. Til bilish asosiy omillardan biri  hisoblanadi.

Yurtimizga xorijdan kelgan sayyohlarning aksariyati ingliz tilida so'zlasha oladi. MDH mamlakatlaridan kelayotganlar esa asosan rus tilida gaplashadi. Shu bois xodimlar rus va ingliz tillarini mukammal bilishi shart. Ayni paytda kadrlarning til bo'yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan tizimli o'quv mashg'ulotlari o'tkazib kelinmoqda. Xodim uchun nafaqat til, balki o'zi xizmat olib borayotgan hududning tarixi, madaniyatini yaxshi bilishi muhim. Boisi u xorijlik sayyoh bilan erkin suhbatlasha olishi, savollariga batafsil javob berishi lozim.

Xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalari xodimlariga qo'yiladigan talablar, eng avvalo, vatanimizga sodiq, fidoyi, tanlagan kasbini ardoqlaydigan, oldiga qo'yilgan vazifalarni benuqson bajara oladigan, ma'naviy etuk, bilimli, jismonan baquvvat, yuksak madaniyatli, odobli, xorijiy tillarni mukammal o'zlashtirgan, bilim va tajribasini doimo orttirishga intiluvchan, o'z taqdirini mamlakat taqdiri bilan bog'lagan, yordam berishga doimo tayyor xodim bo'lmog'i lozim.

Xavfsiz turizmni ta'minlash kontseptsiyasi doirasida boshqarmalar faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Samarqand shahridagi situatsion markazni misol qilib keltiradigan bo'lsak, bu erdagi zamonaviy texnologiyalarni qo'shni mamlakatlardan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari ham yuqori baholadi. Situatsion markazni Samarqand shahrining “virtual ko'zi” deyish mumkin. Tezkor aloqani ta'minlash maqsadida Registon maydonida “SOS” videoaloqa tugmasi  ishlamoqda. Markazdan turib Samarqand shahridagi turistik namoyish ob'ektlarida, aholi gavjum bo'lgan joylarda barcha vaziyatni uzoqdan kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Bu kabi situatsion markaz Shahrisabz shahridagi ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi ma'muriy binosida ham tashkil etilgan. Bugungi kunda Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlari IIB XTTBlarining ma'muriy binolarida ham bunday markazlarni tashkil etish bo'yicha jadal ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga butun dunyo miqyosida Koronavirus infektsiyasi tarqalganligi munosabati bilan xorijiy turistlar oqimi pasaygan bulsada, mahalliy turizmni rivojlantirish, pandemiya jarayoni batamom tugashi bilan xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarga yanada xavfsiz va qulay sharoitlar yaratish, mamlakatimiz haqida ijobiy fikrlar qoldirish ustida zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Bir so'z bilan aytganda, xavfsiz turizmni ta'minlash bo'linmalari sayyohlarga doimiy ravishda xizmat ko'rsatish, ularga yordam berishga shay. Tizim xodimlari O'zbekistonga keladigan sayyohlarning mamlakatimiz haqida go'zal xotiralar bilan qaytishiga barcha imkoniyat va salohiyatini safarbar etishda davom etadi.

IIV Xavfsiz turizmni ta'minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага