6 Mart 2021 204

O'zganing haqi

Hayotda har bir inson mehnat qilib, shu mehnatdan kelgan rizq bilan halol luqma topishga intiladi. Chunki halolning boshi kichkina bo'lgani bilan ildizi baquvvatdir. Haromning esa aksincha, boshi katta ko'ringani bilan ildizi ingichka bo'ladi.

Boysun tuman xalq ta'limi bo'limi bosh hisobchisi o'rinbosari D.S. esa buni bilsa-da, nafsi ochlik qildi. U o'z mansab mavqeini suiiste'mol qilib, tumandagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazidagi 42 nafar xodimga ish haqi va xizmat safarlari uchun naqd pul mablag'larini tarqatish haqidagi to'lov qaydnomalariga ushbu xodimlarning o'rnidan soxta imzolarini qo'yib, jami 63.637.207 so'm ish haqi pullarini xodimlarga bermasdan byudjet mablag'ini talon-toroj qiladi.

Bundan tashqari, tuman Barkamol avlod bolalar markazi tomonidan 8 ta holatda ikki nafar xodimga 11.648.240 so'm asossiz xizmat safari rasmiylashtirganligi, 15 ta holatda 3.384.447 so'm ish haqlarini ortiqcha to'lab berilganligi, 35 holatda 11.278.656 so'm asossiz rag'batlantirish orqali ortiqcha hisoblab to'lab berilib, byudjet mablag'ini talon-toroj qilganligi ham aniqlanadi. O'tkazilgan tekshirishda tuman Barkamol avlod bolalar markazi tomonidan jami 89.948.550 so'm byudjet mablag'i talon-toroj qilganligi ma'lum bo'ldi.

Ayni paytda D.S.ga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atildi.

O'zganing haqiga ko'z olaytirgan kishi hayotda baribir qoqiladi va qilmishiga yarashasini oladi.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага