10 Iyun 2021 276

Shavkat Mirziyoev: Tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko'chmoqda

Dushanbe shahridagi “Qasri Millat” qarorgohida O'zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo'ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar bir biriga rasmiy delegatsiya a'zolarini tanishtirdi. Faxriy qorovul tantanali marsh bilan davlat rahbarlari oldidan o'tdi.

Shundan so'ng Shavkat Mirziyoev va emomali Rahmonning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda davlat rahbarlari O'zbekiston va Tojikiston strategik sherikligi va ko'p qirrali hamkorligining barcha jihatlarini ko'rib chiqdilar, siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e'tibor qaratdilar.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.  

Prezidentimiz taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat munosabatlari yuksak darajaga ko'tarilganini ta'kidladi.

– Qabul qilgan barcha qarorlarimiz amalga oshmoqda. O'tgan davrda ikki tomonlama munosabatlarda ko'p narsa o'zgardi. Buni raqamlar ham aytib turibdi. 2017 yilda tovar ayirboshlash 70 million dollar bo'lgan bo'lsa, 2020 yilda, murakkab pandemiya yilida ushbu ko'rsatkich ilk bor 500 million dollarga etdi. Biz ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. Hududlar forumi muvaffaqiyatli o'tkazildi, qiymati qariyb 700 million dollar bo'lgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqalar haqida aytsak, birinchi bor Tojikistonda O'zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o'tdi, yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Farg'ona vodiysida uchrashadi. Bir so'z bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko'chmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Tojikiston Prezidenti davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, ushbu tashrifning ahamiyatini alohida qayd etdi.

– O'zbekiston bizning strategik sherigimiz va ishonchli qo'shnimiz. Tojikiston-O'zbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanayotganidan mamnunmiz. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi o'zaro munosabatlar mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy xavfsizlik borasida o'zaro muvofiqlashib, yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman. Bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini hamda xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman, – deb ta'kidladi emomali Rahmon.

Qo'shma korxonalar soni 8 barobar ko'payib, bugungi kunda 200 dan oshgani ta'kidlandi. Jumladan, Dushanbe shahrida maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi “Artel` Avesto elektroniks” qo'shma korxonasi samarali ish yuritmoqda. Tashrif arafasida 30 dan ortiq shunday loyihalar ishlab chiqildi.

O'tgan yilgi qiyin sharoitlarda ham yuk tashish va tranzit hajmi oshgani qayd etildi. Ikki tomonlama chegirma va imtiyozlar taqdim etilmoqda. Poytaxtlar o'rtasida aviaqatnov tiklandi.  

Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat hududlari salohiyatini samarali ishga solish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini tashkil etish bo'yicha aniq takliflar ilgari surildi. Ko'p qirrali hamkorlikning yangi «o'sish nuqtalari»ni topish muhim ekani ta'kidlandi. Shuningdek, parlamentlararo aloqalar, madaniy-gumanitar almashinuv, barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga to'xtalib o'tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston xalqi va o'zi nomidan birodar Tojikistonni mustaqilligining bo'lajak 30 yilligi bilan tabrikladi, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

 Davlatimiz rahbari Prezident emomali Rahmonni o'zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O'zbekistonga borishga taklif etdi.

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага