28 Fevral 2020 1721

«Solo Travel Safety Report – 2019» reytingida O'zbekiston beshinchi o'rinni egalladi

Dunyo mamlakatlaridagi rivojlanish jarayonlari turli yo'llar bilan tahlil qilib boriladi. Xususan, «The Economist» (EIU) jurnalining 1946 yilda asos solingan analitik bo'limi – «The Economist Intelligence Unit»ning asosiy maqsadi mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar hamda yirik transmilliy koorporatsiyalar uchun biznesni tahlil qilish hisoblanadi.

Albatta, biznes barqarorligini ta'minlash, mamlakatda tadbirkorlikni yo'lga qo'yish uchun, birinchi navbatda, investitsiya kiritilayotgan davlatdagi tinchlik muhim ahamiyatga ega. «Economist Intelligence Unit» tashkiloti har yili mamlakatlarning tinchlik bo'yicha Global indeksini (Bu indeks dunyodagi tinchlikni, davlat ichidagi zo'ravonlik darajasi va tashqi siyosatining tajovuzkorligini o'lchaydigan keng qamrovli ko'rsatkichdir) e'lon qilib keladi. O'zbekiston 2005 yilda 163 mamlakat o'rtasida 113-o'rinni egallagan bo'lsa, 2019 yilda esa 102-o'ringa ko'tarildi. Qo'shni mamlakatlar bilan o'rnatilgan yaxshi qo'shnichilik munosabatlari, chegaralar ochiqligi barobarida bu ko'rsatkichning ijobiy tarafga o'zgarib borishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mustahkam asosga ega ekanligidan dalolat beradi.

YAqinda «Wegoplace» onlayn sayohat xizmati 2019 yilda yolg'iz holda sayohat qiluvchilar uchun eng xavfsiz bo'lgan «Solo Travel Safety Report – 2019» hisobotini e'lon qildi.

Mutaxassislar 142 mamlakat aholisi o'rtasida so'rovnoma o'tkazishdi. Savollar esa aholining mahalliy politsiyaga bo'lgan ishonchi, tungi vaqtda shahar atrofidagi xavfsizlik, sayyohlar uchun turli ko'ngilsizliklar, talon-toroj qilish kabi holatlarning mavjudligi yoki yo'qligidan kelib chiqqan holda tuzildi.

Bu ro'yxatda Singapur (97 ta) eng yuqori xavfsizlik indeksiga ega ekanligi ma'lum bo'ldi. Undan keyin Norvegiya, Islandiya va Finlyandiya (har birida 93 ta). Quvonarlisi, reytingda beshinchi o'rinni O'zbekiston (91 ta) egallagan. SHubhasiz, bu yurtimiz aholisi hamda mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlarning ichki ishlar organlari tizimida xavfsizlikni ta'minlash ishiga, xavfsiz turizm sohasiga berilgan yuksak e'tirofdir.

Keyingi o'rinlarda Gonkong (91), SHveytsariya (91), Kanada (90), Indoneziya (89) va Daniya (88) qayd etilgan.

Bundan tashqari, mutaxassislar yolg'iz sayohatchilar uchun eng xavfli mamlakatlar reytingini ham tuzdilar. Ular orasida Venesuela (44 ta), Afg'oniston (45) va Janubiy Sudan (54) «peshqadam»likni qo'lga kiritdi.

Giyohvand moddalar va xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashda global etakchi hisoblangan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi 1997 yili Tashkilotning Narkotiklarni nazorat qilish dasturi va Xalqaro jinoyatchilikning oldini olish markazi birlashishi natijasida yuzaga kelgan. 

Mazkur xalqaro tashkilotning aniqlashi bo'yicha mamlakatlar mezoni sifatida har bir mamlakat uchun 100 ming kishiga to'g'ri keladigan qotilliklar soni ishlatilgan. Bu reytingda O'zbekiston 2019 yilda 207 ta davlat orasida 83-o'rinni egalladi.

Og'ir va o'ta og'ir turdagi jinoyatlarning kamayishi mamlakatimizga sayyohlar oqimini kengaytirishi bilan birga, yurtimizda o'z biznesini yo'lga qo'ygan holda, qo'shimcha ish o'rinlarini yaratishni rejalashtirayotgan investorlar uchun ham ijobiy xulosa chiqarishga asos bo'ladi.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага