8 Mart 2021 135

Tergovchilar ustozi

Ichki ishlar organlarida erkaklar bilan elkama-elka xizmat qilib, ham oilani, ham xizmatni birdek uddalab kelayotgan xotin-qizlar uchun el-yurt osoyishtaligini ta'minlashdek mas'uliyat ortsa ortadiki, aslo kamaymaydi. Ana shunday matonatli ayollardan biri Shahrisabz tumani IIB huzuridagi Tergov bo'limi katta tergovchisi lavozimida xizmat qilgan iste'fodagi polkovnik Jamila Sultonovadir.

O'tgan yillar davomida J. Sultonova Shahrisabz tuman IIB katta tergovchisi lavozimida qariyb 40 yil uzluksiz faoliyat yuritib, o'ziga xos tajriba maktabini yaratdi. Bugungi kunda uning shogirdlari ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida faoliyat ko'rsatmoqda.

Jamila opa barchaga birdek maslahat berishdan charchamaydi. Shogirdlari ichki ishlar organlarining qaysi sohasi vakili bo'lmasin, u kishining maslahati bilan ish tutib murakkab masalalarga albatta, echim topadi, - deydi jinoyat ishlari bo'yicha Qamashi tuman sudi raisi F. Qambarova.

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati boshlig'i, podpolkovnik I.Rasulova, Shahrisabz shahar IIB TB boshlig'i, mayor L.Xalimov, IIV O'XB Qashqadaryo viloyati bo'yicha bo'limi tezkor vakillari, mayor M. Mo'minov, M.Nazarov haqli ravishda polkovnik Jamila Sultonovani ustoz deya e'zozlashadi.

Jamila Sultonova Prezidentimizning 2008 yil 23 oktyabrdagi farmoniga ko'ra «Mehnat shuhrati» ordeni hamda 2014 yil 25 avgustdagi farmoniga binoan «O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yurist» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Inson qaysi soha vakili bo'lmasin, kasbini sevsa, ardoqlasa, muntazam o'z ustida ishlab, bilim va malakasini oshirib borsa, sohaning etuk mutaxassisi bo'lib etishadi, - deydi viloyat IIB boshlig'ining o'rinbosari - Tergov boshqarmasi boshlig'i, podpolkovnik X.Atanazarov. - Yuqorida keltirilgan barcha xislatlar Jamila opada mujassam desak, mubolag'a emas.

O'z kasbining ustasi Jamila opa namunali oila bekasi ham, Uch qiz, bir o'g'ilni tarbiyalab, el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga etkazdi. O'g'li Firdavs onasining izdoshi. Hozirgi kunda kapitan F. Muhammadiev Kitob tuman IIB T va eQKG tezkor vakili lavozimida xizmat qilmoqda.

Istiqlol hayotimiz, taqdirimiz, buyuk kelajagimizning nurafshon mayog'i. Mustaqil va ozod yurtda yashar ekanmiz, uning har bir kunini g'urur bilan qarshilab, mamlakat ravnaqi yo'lida xizmat qilib, zimmadagi mas'uliyatimizni yanada chuqurroq anglamog'imiz zarur, - deydi J.Sultonova.

Yaqinda ko'p yillik xizmatidan so'ng, pensiyaga chiqish arafasida J.Sultonova «Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi» ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. 
Xizmat qilgan elda aziz, degan naql umrini yurt tinchligi, el osoyishtaligi, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlashga bag'ishlagan insonlarga qarata aytilgandek, nazarimda.

Sodiq Rahimov, "Postda" muxbiri, Qashqadaryo viloyati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага